O‘qishini ko‘chirish uchun ariza topshirgan, biroq hujjatlaridagi kamchiliklar sababli arizasi rad etilgan talabalar 10-avgustgacha arizalarini qayta tahrirlashi mumkin. Belgilangan muddatdan so‘ng arizalarni tahrirlashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Xabaringiz bor, respublikadagi nodavlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishni ko‘chirish va qayta tiklash bo‘yicha arizalarni qabul qilish muddati 10-avgustgacha uzaytirilgan edi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabariga ko‘ra, davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha belgilangan muddatlarda va tartibda ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolarning arizalari ko‘rib chiqilgan.
Ko‘rib chiqish natijasida ayrim arizalar kamchiliklari mavjudligi sababli rad etilgan.
Fuqarolarga qo‘shimcha imkoniyat yaratish maqsadida o‘qishini ko‘chirish uchun ariza yuborgan, biroq arizasi rad etilgan talabalarga 10-avgustgacha arizalaridagi kamchiliklarni bartaraf etib, ularni qayta tahrirlash imkoniyati berildi.
Belgilangan muddat tugaganidan so‘ng arizalarni tahrirlashga yo‘l qo‘yilmaydi. Kamchiliklari bartaraf etilmagan arizalar esa ko‘rib chiqilmaydi.
O‘qishni ko‘chirish bo‘yicha arizalar quyidagi platformalar orqali tahrirlanadi:
- my.uzbmb.uz — xorijiy va nodavlat oliy ta’lim muassasalaridan davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishni ko‘chirish uchun;
- transfer.edu.uz — davlat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamda bir oliy ta’lim muassasasi doirasida o‘qishni ko‘chirish uchun.
Avvalroq, transfer platformasida nodavlat OTMga o‘qishni ko‘chirish uchun 2 majburiy sababni inkor etuvchi yangi sabab turi paydo bo‘lgani haqida xabar bergan edik.
