14 yoshgacha ijtimoiy tarmoqda akkaunti bor o‘quvchilar ayrim fanlardan pastroq natija ko‘rsatadi — tadqiqot

14 yoshgacha ijtimoiy tarmoqda akkaunti bor o‘quvchilar ayrim fanlardan pastroq natija ko‘rsatadi — tadqiqot

11–12 yoshida ijtimoiy tarmoqda akkaunt ochgan bolalar matematika va o‘qish bo‘yicha testlarda undan keyinroq foydalana boshlagan tengdoshlariga qaraganda pastroq natija ko‘rsatishi mumkin. Italiyada o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, bu farq taxminan 6 oylik ta’limga teng.

 

Italiyada o‘tkazilgan yangi tadqiqotga ko‘ra, o‘rta maktabning ilk yillarida ijtimoiy tarmoqlarda akkaunt ochgan bolalar keyinroq foydalana boshlagan tengdoshlariga nisbatan ayrim fanlardan pastroq natija qayd etadi. Tadqiqotchilar bunga ijtimoiy tarmoqlarni doimiy ravishda tekshirib turish odati sabab bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

 

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, 11–12 yoshida ilk bor ijtimoiy tarmoqda akkaunt ochgan o‘quvchilar matematika va o‘qish bo‘yicha testlarda ijtimoiy tarmoqlardan bir necha yil keyin foydalanishni boshlagan tengdoshlariga qaraganda pastroq ball olgan. 16 yoshga kelib ikki guruh natijalari o‘rtasidagi farq taxminan olti oylik ta’limga teng bo‘lgan.

 

Biroq tadqiqot ijtimoiy tarmoqlar aynan shu natijalarga sabab bo‘lganini to‘liq isbotlamaydi. Olimlar natijalarga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan boshqa omillarni ham hisobga olgan. Jumladan, bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni boshlashidan oldingi o‘quv ko‘rsatkichlari, oilaviy sharoiti, ota-onasining ma’lumoti va boshqa omillar tahlil qilingan.

 

Tadqiqotning bosh muallifi, Italiyadagi Milano-Bikokka universiteti olimi, doktor Marko Gui shunday deydi:

 

Endi bu muammo mavjudligini va u juda murakkab ekanini bilamiz. Muammo ijtimoiy tarmoqlarning qanday yaratilganida. Tadqiqotimiz shuni ko‘rsatadiki, hech bo‘lmaganda ilk o‘smirlik davrida ijtimoiy tarmoqlar salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

 

Olimlar Italiyadagi 5 mingdan ortiq maktab o‘quvchisining ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish odatlari hamda matematika, italyan tili va ingliz tili fanlari bo‘yicha standartlashtirilgan imtihon natijalarini tahlil qilgan.

 

13–14 yoshida o‘tkazilgan testlarda 11–12 yoshida ijtimoiy tarmoqqa kirgan o‘quvchilar kamida 14 yoshgacha kutgan tengdoshlariga qaraganda pastroq natija qayd etgan. 15–16 yoshga kelganda italyan tili bo‘yicha farq saqlanib qolgan, matematika fanida esa yanada ortgan.

 

“Nature Human Behaviour” jurnalida e’lon qilingan tadqiqotda qayd etilishicha, natijalardagi farq erta ijtimoiy tarmoqlardan foydalana boshlagan bolalarning ta’limda taxminan 6 oy ortda qolishi bilan teng. Boshqacha aytganda, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni kechiktirish samarasi intensiv va qimmat repetitorlik mashg‘ulotlari beradigan foydaning qariyb yarmiga teng bo‘lgan.

 

Matematika va italyan tili fanlarida sezilarli farq kuzatilgan bo‘lsa-da, ingliz tili bo‘yicha bunday holat aniqlanmagan. Tadqiqotchilar bunga ingliz tilining ijtimoiy tarmoqlarda keng qo‘llanishi sabab bo‘lishi mumkinligini ta’kidlaydi. Ularning fikricha, bolalar ijtimoiy tarmoqlar orqali ingliz tiliga tabiiy ravishda duch kelib, uni amaliyotda qo‘llash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

 

Natijalardagi farqni tushuntiruvchi eng yaxshi omillardan biri bolalarning kun-u tun telefonini qayta-qayta tekshirishi bo‘lgan. Bu esa ijtimoiy tarmoqlarni muntazam nazorat qilish odati o‘quv natijalariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini anglatadi.

 

Doktor Marko Guining aytishicha, smartfon orqali ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish bolalarda telefonni doimiy tekshirib turish ehtiyojini yuzaga keltirishidir.

 

Bolalarda “Xabar keldimi?”, “Internetda yangi nima bo‘ldi?”, degan qiziqish tufayli telefonni doim tekshirish ehtiyoji paydo bo‘ladi. Natijada ular atrofidagi real hayotga kamroq e’tibor beradi. Bu esa uy vazifasi kabi vaqt va diqqat talab qiladigan ishlarga kamroq sho‘ng‘ishiga olib kelishi mumkin, — deydi u.

 

Mazkur tadqiqot Buyuk Britaniyada 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni cheklash masalasi muhokama qilinayotgan bir paytda e’lon qilindi. Avstraliya esa bunday cheklovni o‘tgan yili joriy etgan edi.

 

Doktor Gui ijtimoiy tarmoqlar uchun yosh cheklovini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. Shu bilan birga, uning fikricha, taqiq favqulodda choradir va asosiy e’tibor platformalarni xavfsizroq hamda kamroq qaramlik uyg‘otadigan holga keltirishga qaratilishi lozim.

 

Londondagi “Queen Mary” universitetining bolalar va o‘smirlar psixiatriyasi professori Dennis Ougrin esa mazkur tadqiqot yoshlarning ijtimoiy tarmoqlardan qaysi yoshda foydalana boshlashi ularning ta’limdagi rivojlanishiga ta’sir qilishi mumkinligi haqidagi dalillarni yanada mustahkamlaganini aytdi.

 

Ota-onalar, pedagoglar va siyosat yurituvchilar uchun asosiy xulosa ijtimoiy tarmoqlarni butunlay taqiqlash emas, balki bolalarda ulardan sog‘lom va mas’uliyatli foydalanish odatlarini shakllantirishdir, — ta’kidlaydi u.

 

Avvalroq, Fransiya ayrim bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni qat’iy cheklagan ikkinchi davlatga aylangani haqida xabar bergan edik.

Bilimni baholash agentligi

AI bot abituriyentlarga yo'nalish tanlashga yordam beradi

Bilim va malakalarni baholash agentligi ma'lumotlari asosida.

Telegram'da ochish