Hindistondagi imtihon savollari sizib chiqishi ortidan 21 nafar abituriyent joniga qasd qilgani aytilmoqda

Hindistondagi imtihon savollari sizib chiqishi ortidan 21 nafar abituriyent joniga qasd qilgani aytilmoqda

Hindistonda tibbiyot oliygohlariga kirish uchun oʻtkaziladigan NEET imtihoni savollarining sizib chiqishi ortidan test natijalari bekor qilinib, millionlab abituriyentlar qayta imtihon topshirishga majbur boʻldi. BBC maʼlumotiga koʻra, ushbu mojaro ortidan kamida 21 nafar abituriyent joniga qasd qilgan.

 

Joriy yilning may oyida Hindistonda NEET imtihoni savollari oldindan tarqalib ketgani sababli hukumat test natijalarini bekor qilib, qariyb ikki million abituriyent uchun qayta imtihon belgilangan edi. Bu qaror mamlakat boʻylab ommaviy noroziliklarga sabab boʻldi.

 

Minglab talabalar va yoshlar Dehli koʻchalarida namoyish oʻtkazib, imtihon tizimidagi masʼullar javobgarlikka tortilishini talab qildi. Namoyishlar ortidan Hindiston taʼlim vaziri Dharmendra Pradhan isteʼfoga chiqqan.

 

BBC nashrida eʼlon qilingan maqolaga koʻra, imtihon natijalari bekor qilinishidan keyin kamida 21 nafar yosh joniga qasd qilgani aytilmoqda.

 

Vafot etgan abituriyentlardan biri 17 yoshli Kahaan Patel boʻlib, u qayta imtihon oʻtkazilishiga uch kun qolganida yashayotgan uyining oltinchi qavatidan sakrab vafot etgan.

 

Hindistondagi imtihon savollari sizib chiqishi ortidan 21 nafar abituriyent joniga qasd qilgani aytilmoqda
BBC: Kahaan maktabning yakuniy imtihonlarida yuqori natija qayd etganidan so‘ng, shifokor bo‘lishni istayotganini ma’lum qilgan.

 

Yigit avvalgi imtihondan chiqqach oʻz natijasidan mamnun boʻlgan, hatto otasiga qoʻngʻiroq qilib orzusidagi tibbiyot institutiga kirishiga ishonayotganini aytgan. Biroq savollar sizib chiqqani haqidagi xabar va imtihonning bekor qilinishi uni ruhiy tushkunlikka solgan. Qayta imtihon belgilangach, u avval kichik kursdoshlariga berib yuborgan kitob va konspektlarini yana yigʻishga majbur boʻlgan.

 

‘‘Mening aybim nima? Imtihonni halol topshirgan minglab oʻquvchilarning aybi nima?’’ — degan u otasiga.

 

Shunga oʻxshash yana bir fojia Rajastan shtatida yuz bergan.

 

23 yoshli Pradeep Kumar oilasining yagona umidi edi. Otasi uning taʼlimi uchun yerini sotgan, bankdan kredit olgan. Pradeep esa oʻqishga kirgunga qadar hatto mobil telefon ham sotib olmagan.

 

‘‘Telefon chalgʻitadi, talaba boʻlganimdan keyin olaman’’, — degan u.

 

Hindistondagi imtihon savollari sizib chiqishi ortidan 21 nafar abituriyent joniga qasd qilgani aytilmoqda
BBC: Babita Kumar NEET imtihoni qayta o‘tkazilishidan avval o‘z joniga qasd qilgan akasi Pradeep Kumar fotosuratini ko‘rsatmoqda.

 

Uchinchi urinishida NEET imtihonini muvaffaqiyatli topshirganiga ishongan Pradeep ham test bekor qilinib, qayta topshirilishi eʼlon qilingach, oʻz joniga qasd qilgan.

 

‘‘Savollarni puldorlar sotib oladi, halol oʻqigan bolalar esa jabr koʻradi. Agar imtihon bekor qilinmaganida, oʻgʻlim bugun tirik boʻlardi’’, — deydi otasi BBCga bergan intervyusida.

 

BBC qayd etishicha, NEET mojarosi ortidan nafaqat imtihon tizimi, balki yoshlarning ruhiy salomatligi va masʼul idoralarning javobgarligi ham mamlakatdagi eng muhokama qilinayotgan mavzulardan biriga aylangan.

 

Oʻz farzandini yoʻqotgan Kahaan Patelning otasi esa namoyishlarda shaxsan qatnashib, boshqa talabalar uning oʻgʻli ayta olmagan gaplarni aytayotganini taʼkidlaydi.

 

‘‘Farzandim gapirmadi. U oʻz joniga qasd qildi. Ammo boshqa yoshlar uning oʻrniga gapirdi’’, — deydi u.

Hindistondagi imtihon savollari sizib chiqishi ortidan 21 nafar abituriyent joniga qasd qilgani aytilmoqda
BBC: O‘g‘li vafotidan keyin Prashant Patel (chapda) Dehlidagi talabalar namoyishiga qo‘shilgan.

 

Eslatib o‘tamiz, Hindiston hukumati telegram orqali mazkur imtihon savollari tarqatilgani haqidagi xavotirlar sabab 22-iyunga qadar platformaga kirishni vaqtincha cheklagan edi. Keyinchalik telegram Hindiston hukumatining messenjerni vaqtincha bloklash haqidagi qarori ustidan sudga murojaat qilgan.

Bilimni baholash agentligi

AI bot abituriyentlarga yo'nalish tanlashga yordam beradi

Bilim va malakalarni baholash agentligi ma'lumotlari asosida.

Telegram'da ochish