Bugungi kunda dunyo bo‘ylab taxminan 7 500 ta tilda so‘zlashiladi. So‘zlashuvchilar soni bo‘yicha eng keng tarqalgan tillar ingliz, xitoy (mandarin), hind, ispan, arab va fransuz tillaridir. Biroq bu ko‘rsatkich tarixdagi eng yuqori til xilma-xilligi bilan solishtirganda ancha kam.
Science jurnalida e’lon qilingan yangi tadqiqotga ko‘ra, bundan minglab yillar avval insoniyat o‘n minglab tillarda so‘zlashgan bo‘lishi mumkin.
Olimlar matematik modellashtirish hamda antropologiya, tilshunoslik va demografiya sohalaridagi ma’lumotlardan foydalanib, so‘nggi muzlik davri tugaganidan keyingi davr — taxminan 12 ming yil avvaldan boshlab dunyoda nechta til mavjud bo‘lganini hisoblab chiqqan.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, miloddan avvalgi I ming yillik va milodiy I ming yillik oralig‘ida insoniyat 30 mingdan 75 mingtagacha, ehtimol undan ham ko‘proq tilda so‘zlashgan.
Olimlarning ta’kidlashicha, keyinchalik yirik imperiyalarning kengayishi va so‘nggi bir necha asr davomida Yevropa davlatlarining mustamlakachilik siyosati tufayli ko‘plab tillar yo‘qolib, ularning o‘rnini boshqa tillar egallagan.

Yel universiteti (Yale University) professori, tilshunos va antropolog Kler Bouern (Claire Bowern)ning aytishicha, har bir til o‘z jamoasi uchun bebaho merosdir.
Har bir til o‘zida bilim, tarix, madaniyat va xotiralarni saqlaydi. Olimlar uchun esa tillar insoniyatning o‘tmishi haqida juda ko‘p ma’lumot beradi. Ular odamlarning qayerda yashagani, nimalar iste’mol qilgani va qanday fikrlaganini tushunishga yordam beradi, — deydi u.
Qadimda tillar yanada ko‘p bo‘lgan..
Tadqiqotchilarning hisob-kitobiga ko‘ra, 12 ming yil avval odamlar dunyo bo‘ylab kichik ovchi-yig‘uvchi guruhlarda yashagan va o‘sha davrda 4 500–6 200 ta til mavjud bo‘lgan.
Keyinchalik aholi sonining ortishi, dehqonchilikning rivojlanishi va doimiy yashash manzillarining paydo bo‘lishi natijasida tillar soni ham keskin ko‘paygan.
Nega tillar yo‘qoladi?
Olimlarning fikricha, tillar asosan ikki sabab tufayli yo‘qoladi:
- til egalari urushlar yoki boshqa fojealar oqibatida yo‘q bo‘lib ketadi;
- yoki ular turli sabablar bilan, jumladan majburan boshqa tilga o‘tishiga olib keladi.
Ba’zi qadimiy tillar esa butunlay yo‘qolmay, yangi tillarga asos bo‘lgan. Masalan, lotin tili keyinchalik fransuz, italyan va ispan tillarining shakllanishiga zamin yaratgan.
Mustamlakachilik tillarning yo‘qolishiga sabab bo‘lgan
Tadqiqotda qayd etilishicha, ko‘plab mustamlakachi davlatlar mahalliy tillarni cheklash siyosatini yuritgan. Masalan:
- Angliya Irlandiyada irland tilidan foydalanishni cheklagan;
- Ispaniya Amerikadagi mahalliy tillarni taqiqlagan;
- Portugaliya Braziliyada mahalliy tillardan foydalanishga ruxsat bermagan;
- Fransiya Afrikadagi mustamlakalarida fransuz tilini majburiy joriy qilgan;
- Yaponiya esa Koreyada koreys tilini bostirishga uringan.

Shunga qaramay, inka, maya va astek xalqlarining ayrim tillari bugungi kungacha saqlanib qolgan.
Tadqiqotchilar ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda dunyodagi tillarning qariyb yarmi yo‘qolib ketish xavfi ostida.
Professor Kler Bouernning ta’kidlashicha, dunyo aholisining 90 foizi mavjud tillarning atigi 10 foizida so‘zlashadi. Bu esa minglab tillarning juda oz sonli so‘zlashuvchilarga ega ekanini va ularni saqlab qolish tobora qiyinlashayotganini anglatadi.
Avvalroq, chet tilini o‘rganish miya va tafakkurga 5 ta foydali ta’siri haqida ma’lumot berilgandi.

