Biznes-ombudsman tomonidan nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga davlat tomonidan ajratiladigan subsidiyalar o‘rganildi. Ayrim hududlarda belgilanganidan kam miqdorda to‘lov amalga oshirilgani aniqlanib, muammo bartaraf etilgan.
Biznes-ombudsman devoni tomonidan nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini davlat tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, jumladan, subsidiyalar ajratilishi yuzasidan qonunchilik ijrosi o‘rganilgan.
O‘rganish davomida ayrim toifadagi oilalar farzandlari uchun ota-onalar to‘lovining bir qismini davlat budjetidan qoplab berishda kamchiliklar aniqlangan.
Xususan, tuman markazlarida joylashgan davlat-xususiy sheriklik asosidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ta’lim va tarbiya olayotgan boquvchisini yo‘qotgan ayollarning farzandlari uchun ota-onalar to‘lovi kompensatsiyasi tuman markazlari uchun belgilangan miqdordan kam to‘lab kelingan.
Masalan, Bo‘ston tumanidagi “A.B.” nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotida ayrim toifadagi oilalar farzandlari uchun har oyda 178 ming so‘m miqdorida to‘lov amalga oshirilishi lozim bo‘lgan. Biroq amalda 125 ming so‘m subsidiya to‘langan.
Biznes-ombudsman devoni aralashuvi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi va mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda tegishli choralar ko‘rilib, nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini boshqarish axborot tizimida hisob-kitoblar qayta amalga oshirilgan.
Natijada tuman markazlarida joylashgan nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining 2 240 nafar tarbiyalanuvchisi uchun Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 29-apreldagi 246-son qarorida belgilangan miqdorda kompensatsiya to‘lanishi yo‘lga qo‘yilgan. Buning natijasida tadbirkorlar hisobiga har oy qo‘shimcha 130,8 mln so‘m subsidiya to‘lanishi ta’minlanadi.
Avvalroq, bog‘cha to‘lovlarini endi bolaning JShShIR raqami orqali amalga oshirish mumkinligi haqida xabar berilgan edi.
