1-avgustdan ta’lim sohasida qanday o‘zgarishlar bo‘ladi?

1-avgustdan ta’lim sohasida qanday o‘zgarishlar bo‘ladi?

2026-yil 1-avgustdan boshlab ta’lim sohasida qator yangi tartiblar kuchga kiradi. Endilikda o‘qituvchilarga dars soatlarini taqsimlashning yangi ustuvorlik mezonlari joriy etiladi, o‘quvchilarni boshqa maktabga ko‘chirish xizmati qayta yo‘lga qo‘yiladi hamda 1-sinfga mikrohududdan tashqaridagi qabul boshlanadi.

 

Talimxabarlari.uz 2026-yil 1-avgustdan ta’lim sohasida ro‘y beradigan o‘zgarishlarni bir joyga jamladi.

 

Oʻqituvchilarga dars soatlari yangi tartibda taqsimlanadi

 

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Sogʻliqni saqlash vazirligining tegishli qoʻshma qarori bilan “Umumtaʼlim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya roʻyxatlarini shakllantirish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga oʻzgartirishlar kiritildi.

 

Unga koʻra, 2026-yil 1-avgustdan boshlab oʻqituvchilarga dars soatlari quyidagi koʻrsatkichlarning ustuvor ketma-ketligi asosida taqsimlanadi:

 

  • oliy malaka toifasiga ega oʻqituvchilar (pedagog kadrning attestatsiyadan oʻtganligi toʻgʻrisidagi sertifikatning amal qilish muddatiga koʻra);
  • milliy yoki xalqaro tan olingan sertifikatga ega oʻqituvchilar (sertifikatning belgilangan darajasi va amal qilish muddatiga koʻra);
  • birinchi malaka toifasiga ega oʻqituvchilar (pedagog kadrning attestatsiyadan oʻtganligi toʻgʻrisidagi sertifikatning amal qilish muddatiga koʻra);
  • ikkinchi malaka toifasiga ega oʻqituvchilar (pedagog kadrning attestatsiyadan oʻtganligi toʻgʻrisidagi sertifikatning amal qilish muddatiga koʻra);
  • oliy maʼlumotli toifasiz oʻqituvchilar;
  • qayta tayyorlash boʻyicha diplomga ega oʻqituvchilar (oʻqituvchida qayta tayyorlash mutaxassisligi boʻyicha mazkur bandning ikkinchi – oltinchi xatboshilarida nazarda tutilgan koʻrsatkichlardan biri yoki bir nechtasi mavjud boʻlganda taalluqliligiga koʻra tegishli koʻrsatkichlar mavjud boʻlgan oʻqituvchilar bilan teng ustuvorlikka ega boʻladi);
  • oʻrindoshlik asosida ishlayotgan oliy maʼlumotli oʻqituvchilar;
  • pedagogika yoʻnalishi boʻyicha uchinchi va undan yuqori kurs talabalari;
  • oliy maʼlumotli oʻqituvchilar bilan taʼminlanguniga qadar oʻrta maxsus, professional maʼlumotga ega oʻqituvchilar (faqat boshlangʻich sinflarda dars beruvchi oʻqituvchilar uchun);
  • oliy maʼlumotli oʻqituvchilar bilan taʼminlanguniga qadar umumtaʼlim muassasasining tegishli mutaxassisligi boʻyicha rahbar xodimlari.

 

Shuningdek, boshlangʻich sinflarda dars soatlarini taqsimlashda oʻqituvchining boshlangʻich taʼlim mutaxassisligiga egaligi yoki ushbu fanni boshlangʻich sinflarda oʻqitish metodikasi boʻyicha taʼlim olganligi inobatga olinadi.

 

Oʻquvchilarni boshqa maktabga koʻchirish xizmati qayta ishga tushiriladi

 

Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 1-iyundagi 295-son qarori bilan tasdiqlangan maʼmuriy reglamentga muvofiq, oʻquvchilarni bir maktabdan boshqasiga koʻchirish boʻyicha davlat xizmati 1-avgustdan yana ishga tushiriladi.

 

Mazkur xizmat 26-maydan 31-iyulgacha umumtaʼlim maktablarini yangi oʻquv yiliga tayyorlash hamda oʻquvchilarni sinfdan sinfga oʻtkazish ishlari sabab vaqtincha toʻxtatilgan edi.

 

1-avgustdan boshlab ota-onalar erp.maktab.uz platformasi orqali yana maktab almashtirish boʻyicha elektron ariza yuborishlari mumkin boʻladi.

 

1-sinfga mikrohududdan tashqaridagi qabul boshlanadi

 

2026–2027-oʻquv yili uchun 1-sinfga qabul ikki bosqichda tashkil etilmoqda.

 

20-iyundan 31-iyulgacha arizalar bolalarning biriktirilgan mikrohududi doirasida qabul qilinayotgan boʻlsa, 1-avgustdan boshlab mikrohududdan tashqaridagi qabul boshlanadi.

 

Bunda ota-onalar maktablarda mavjud boʻsh oʻrinlardan kelib chiqib boshqa taʼlim muassasalariga ham ariza topshirishlari mumkin.

 

Shuningdek, kadastr maʼlumotlari mavjud boʻlmagan fuqarolar ham ushbu bosqichda onlayn ariza yuborish imkoniyatiga ega boʻladi.

 

Pedagoglar attestatsiyasi uchun arizalar qabuli boshlanadi

 

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi maʼlumotiga koʻra, avgust–dekabr oylarida oʻtkaziladigan pedagoglar malaka (test) sinovlarida ishtirok etish uchun arizalarni qabul qilish 1-avgustdan boshlanadi.

 

Pedagoglar arizalarni pedagog.uzedu.uz platformasi, Davlat xizmatlari markazlari hamda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali topshirishlari mumkin.

 

Eslatib oʻtamiz, Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 16-apreldagi 175-son qaroriga asosan navbatdan tashqari pedagog kadrlar attestatsiyasi hamda kasbiy sertifikatlash sinovlarida ishtirok etish uchun to‘lanadigan yig‘im miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi etib belgilandi.

 

Soliq organlari xodimlari uchun yangi malaka oshirish tizimi joriy etiladi

 

Prezidentning 2026-yil 16-iyundagi PQ–227-son qaroriga muvofiq, 1-avgustdan Soliq oliy maktabida soliq organlari xodimlarining malakasini oshirishning yangi tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

 

Unga koʻra, soliq organlari xodimlari har uch yilda kamida bir marta malaka oshirish kurslaridan oʻtadi.

 

Shuningdek, soliq organlariga birinchi marta ishga qabul qilingan (bundan Oliy maktab bitiruvchilari mustasno) mansabdor shaxslar soliq qonunchiligi va maʼmurchiligi, shuningdek, ish yuritishni tashkil etish asoslari boʻyicha davomiyligi 3 oygacha boʻlgan maxsus moslashishga koʻmaklashish (onboarding) oʻquv kursida oʻqitiladi.