Endi har yili ‘‘Soliq bilimdonlari’’ tanlovi o‘tkaziladi: g‘oliblar Soliq oliy maktabiga imtiyozli qabul qilinadi

Endi har yili ‘‘Soliq bilimdonlari’’ tanlovi o‘tkaziladi: g‘oliblar Soliq oliy maktabiga imtiyozli qabul qilinadi

Prezident qarori bilan maktab o‘quvchilari, o‘rta maxsus va kasbiy ta’lim muassasalari o‘quvchilari hamda talabalar o‘rtasida har yili “Soliq bilimdonlari” ko‘rik-tanlovi o‘tkazilishi belgilandi. Tanlovning respublika bosqichi g‘oliblari Soliq oliy maktabiga imtiyozli yo‘llanma asosida o‘qishga qabul qilinadi.

 

Prezidentning 2026-yil 16-iyundagi PQ–227-sonli “Soliq sohasida malakali kadrlar tayyorlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

 

Qarorga koʻra, maktab, oʻrta maxsus va kasbiy taʼlim muassasalari oʻquvchilari hamda oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻrtasida har yili ‘‘Soliq bilimdonlari’’ koʻrik-tanlovlari oʻtkaziladi.

 

“Soliq bilimdonlari” koʻrik-tanlovining respublika bosqichi gʻoliblari ularning ixtiyoriga koʻra Oliy maktabga imtiyozli yoʻllanma asosida oʻqishga qabul qilinadi.

 

Eslatib o‘tamiz, Prezidentning mazkur qarori bilan 2026/2027-o‘quv yilidan Soliq oliy maktabida bakalavriat qabuli yo‘lga qo‘yilishi ham belgilangan. OTMga har yili davlat granti asosida qabul kvotalari ajratiladi.

 

Bundan tashqari, soliqqa oid tadqiqotlar markazida:

 

— sunʼiy intellekt yoʻnalishi boʻyicha raqamli soliq maʼmurchiligi innovatsion laboratoriyasi tashkil etiladi;

 

— soliq sohasidagi ilmiy izlanishlarni umumiy muvofiqlashtirish, soliq islohotlarining iqtisodiyotga taʼsirini baholash hamda ‘‘aql markazlari’’ bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyiladi.

 

Shuningdek, 2026-yil 1-avgustdan Oliy maktabda soliq organlari xodimlarining 3-yilda kamida 1-marta malaka oshirish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

 

Soliq organlariga 1-marta ishga qabul qilingan (bundan Oliy maktab bitiruvchilari mustasno) mansabdor shaxslar soliq qonunchiligi va maʼmurchiligi, shuningdek, ish yuritishni tashkil etish asoslari boʻyicha davomiyligi 3 oygacha boʻlgan maxsus moslashishga koʻmaklashish (onboarding) oʻquv kursida oʻqitiladi.