Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi kamida 5-yil ish stajiga ega fuqarolarni davlat OTMlarining kechki taʼlim shakliga tavsiya etish huquqiga ega 87 ta tashkilot roʻyxatini tasdiqladi. Mazkur tartib asosida nomzodlar suhbat natijalariga koʻra tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilinadi.
Kamida besh yil ish stajiga ega boʻlgan fuqarolar uchun davlat oliy taʼlim muassasalarining kechki taʼlim shaklida oʻqish imkoniyati mavjud. Biroq buning uchun nafaqat ish staji, balki tavsiyanoma olish, suhbatdan muvaffaqiyatli oʻtish va yana bir qator talablarni bajarish lozim. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi ushbu tartib boʻyicha tavsiyanoma berish huquqiga ega boʻlgan 87 ta vazirlik, idora va yirik xoʻjalik birlashmasi roʻyxatini tasdiqladi.
Tavsiyanoma kimlarga beriladi?
Mazkur tartib iqtisodiyot tarmoqlarida kamida besh yil ishlagan fuqarolar uchun amal qiladi. Biroq har qanday ish joyi tavsiyanoma bera olmaydi. Nomzod ishlayotgan tashkilot vazirlik tasdiqlagan 87 ta subyekt roʻyxatidan joy olgan boʻlishi kerak.
Roʻyxatdan Oliy Majlis Senati, Qonunchilik palatasi, Prezident administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, Adliya, Sogʻliqni saqlash, Ichki ishlar, Mudofaa, Energetika, Raqamli texnologiyalar hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi kabi davlat organlari oʻrin olgan.
Shuningdek, Markaziy bank va tijorat banklari, Soliq qoʻmitasi, Bojxona qoʻmitasi, Milliy statistika qoʻmitasi, “Oʻzbekneftgaz”, “Oʻzbektelekom”, “Oʻzavtosanoat”, “Oʻzbekiston temir yoʻllari”, Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlari, “Hududiy elektr tarmoqlari”, “Oʻzgidroenergo”, “Oʻzsuvtaʼminot” hamda boshqa yirik tashkilotlar ham ushbu huquqqa ega.
Tasdiqlangan tartibga koʻra, har bir tashkilot yiliga 100 nafargacha xodimga tavsiyanoma berishi mumkin. Agar talabgorlar soni bundan koʻp boʻlsa, tashkilot ichki tanlov oʻtkazadi.
Yana bir muhim jihat — tavsiyanomani tashkilotning birinchi rahbari imzolaydi. Masalan, vazirlik tizimida ishlayotgan xodimga tavsiyanomani vazir, Senat tizimidagi xodimga esa Senat raisi beradi. Shu sababli hududiy boshqarmalar yoki quyi boʻgʻin tashkilotlari bu masalada qaror qabul qila olmaydi.
Qabul tartibi
Tavsiyanoma olgan fuqarolar 20-iyuldan 10-avgustgacha Bilimni baholash agentligining my.uzbmb.uz platformasi orqali onlayn roʻyxatdan oʻtadi.
Har yili 20–30-avgust kunlari oliy taʼlim muassasalarida suhbat tashkil etiladi. Suhbat davomida abituriyentga 4 ta savol beriladi. Har bir savol 25 ball bilan baholanadi va maksimal 100 ball toʻplash mumkin. 55 va undan yuqori ball olgan nomzod suhbatdan muvaffaqiyatli oʻtgan hisoblanadi.
Bunda tavsiyanoma faqat xodimning amaldagi ish faoliyatiga mos bakalavriat taʼlim yoʻnalishi uchun beriladi. Yaʼni istalgan yoʻnalishni tanlash imkoniyati mavjud emas.
Kontraktni kim toʻlaydi?
Mazkur tartibning yana bir muhim jihati shundaki, tavsiyanoma asosida oʻqishga qabul qilingan xodimning kontrakt mablagʻini, qoida tariqasida, ish beruvchi tashkilot toʻlaydi. Shu sababli tavsiyanoma berishda tashkilot kontraktni moliyalashtirish boʻyicha kafolat xatini ham taqdim etadi.
Agar tashkilot kontraktni toʻlash imkoniyatiga ega boʻlmasa, istisno tariqasida Davlat komissiyasi qarori bilan kontraktni xodimning oʻzi toʻlashi mumkin.
Bunday talabalar uchun kontrakt miqdori bazaviy toʻlov-kontrakt summasining ikki baravari etib belgilanadi.
Tavsiyanoma asosida oʻqishga kirgan xodim oʻqishni tamomlagach, tavsiyanoma bergan tashkilot tizimida kamida besh yil ishlab berishi lozim.
Agar talaba oʻqish davrida ushbu tashkilotdan ishdan boʻshasa, tashkilotning murojaati asosida u talabalar safidan chetlashtiriladi va oʻqishini qayta tiklashga ruxsat berilmaydi.
Shuningdek, tavsiyanoma asosida oʻqishga qabul qilingan talabalar oʻqishini boshqa oliy taʼlim muassasasiga yoki yoʻnalishga koʻchira olmaydi. Faqat tashkilot tugatilgan yoki qayta tashkil etilgan hollarda talaba kontraktni oʻz hisobidan toʻlab oʻqishni davom ettirishi mumkin.



