Talabalarga oylik ijara to‘lovining bir qismi qoplab beriladi: ariza yuborish tartibi qanday?

Talabalarga oylik ijara to‘lovining bir qismi qoplab beriladi: ariza yuborish tartibi qanday?

Davlat oliy ta’lim muassasalarida kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan va ijara asosida yashayotgan talabalar ijara to‘lovining bir qismini qoplash uchun ariza yuborishi mumkin. Arizalar har oyning 1-sanasidan 7-sanasiga qadar elektron shaklda yuboriladi.

 

Xabaringiz bor, yotoqxona bilan qamrab olinmagan va o‘ziga yoki ota-onasiga tegishli bo‘lmagan uyda ijara asosida yashayotgan davlat OTM talabalari uchun ijara to‘lovining bir qismini qoplash tizimi joriy etilgan.

 

Bunda davlat OTMlarining faqat kunduzgi ta’lim shaklida, davlat granti yoki to‘lov-kontrakt asosida tahsil olayotgan va ijara asosida yashaydigan talabalarining 60 foiziga ijara to‘lovining bir qismi Davlat budjeti hisobidan qoplab beriladi.

 

Ijara to‘lovining qoplab beriladigan qismi Toshkent shahrida bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan, boshqa hududlarda esa yarim baravaridan oshmaydi.

 

Bunda talaba yotoqxonada yashamasligi, ijaraga olingan uy o‘ziga yoki ota-onasi (qonuniy vakillari)ga tegishli bo‘lmasligi kerak. Shuningdek, ijara shartnomasi qonunchilikda belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan bo‘lishi lozim.

 

Talabalar ijara to‘lovining bir qismini qoplash uchun arizani kontrakt.edu.uz tizimidagi shaxsiy kabinet orqali yuborish mumkin. Buning uchun “Ijara to‘lovlari” bo‘limidan “Ariza yuborish” tugmasini tanlash kerak.

 

Shuningdek, arizani my.gov.uz orqali ham onlayn yuborish mumkin. Buning uchun portalda “Davlat oliy ta’lim muassasalari talabalariga oylik ijara to‘lovining bir qismini qoplab berish” xizmatidan foydalaniladi.

 

Arizalar har oyning 1-sanasidan 7-sanasiga qadar qabul qilinadi.

 

Ariza yuborishda talabaning shaxsiy ma’lumotlari, doimiy yashash manzili, ta’lim olayotgan OTM haqidagi ma’lumotlar hamda ijara shartnomasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar tegishli axborot tizimlaridan elektron tarzda olinadi. Shu sababli ariza beruvchidan ushbu tizimlarda mavjud bo‘lmagan qo‘shimcha hujjat va ma’lumotlarni talab qilish taqiqlanadi.

 

Talabalar safiga yangi qabul qilingan, yotoqxona bilan ta’minlanmagan va OTMdan uzoq hududdan kelgan 1-bosqich talabalari uchun sentyabr va oktabr oylarida ijara shartnomasi talab etilmaydi.

 

Bunday talabalarga ushbu ikki oy uchun ijara to‘lovining bir qismi ijara shartnomasisiz qoplab beriladi. Noyabr oyidan to‘lovlarni davom ettirish uchun belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan ijara shartnomasini taqdim etish lozim.

 

Arizalar OTMning ijara komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqiladi. Komissiya arizachilarning ma’lumotlarini o‘rganib, ijara to‘lovining bir qismini qoplab berish yoki rad etish haqida qaror qabul qiladi. Ijobiy qaror qabul qilingan taqdirda, ijara to‘lovining bir qismi talabaning bank kartasiga har oyning 15-sanasiga qadar o‘tkazib beriladi.

 

Ijara to‘lovining bir qismi o‘quv yili davomida, ya’ni 1-sentyabrdan 1-iyulgacha qoplab beriladi. Bunda to‘lov ariza berilgan sanadan boshlab amalga oshiriladi. Eslatib o‘tamiz, mazkur tartib nodavlat OTMlar, xorijiy OTMlarning filiallari, oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim muassasalariga tatbiq etilmaydi.