Zafarobod tumani hokimligi 30-avgust kuni sodir bo‘lgan YTH yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi. Unda xizmat avtomobilini tuman hokimi G‘ayratjon Eshpo‘latov boshqargani, uning voyaga yetmagan o‘g‘li esa mashinada yo‘lovchi bo‘lgani ma’lum qilingan.
Avvalroq, 30-avgust kuni Jizzax viloyati Zafarobod tumani hokimi G‘ayratjon Eshpo‘latovga biriktirilgan KIA Seltos rusumli xizmat avtomobili yo‘l-transport hodisasiga uchragani va mashinani hokimning maktabda o‘qiydigan o‘g‘li boshqargani haqida xabarlar tarqalgandi.
Zafarobod tumani hokimligi holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, 2026-yil 30-avgust kuni soat 07:45 larda Zafarobod tumani Nurafshon MFY hududidan o‘tuvchi 25V-037 avtomobil yo‘lining 7-kilometrida YTH sodir bo‘lgan.
Hokimlik ma’lumotiga ko‘ra, “MAZ” rusumli yuk avtomobilini boshqarib kelgan B.M. chap tomonga burilish vaqtida qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanayotgan tuman hokimi G‘. Eshpo‘latov boshqaruvidagi “KIA SELTOS” avtomobilining harakat yo‘liga chiqib ketgan.
Natijada to‘qnashuv sodir bo‘lgan. YTH oqibatida tuman hokimi G‘. Eshpo‘latov va uning avtomobilida yo‘lovchi sifatida bo‘lgan voyaga yetmagan o‘g‘li Sh. Eshpo‘latov turli darajadagi tan jarohatlari bilan RSHTYOIM Jizzax filialining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. Yuk avtomobili haydovchisi B.M. esa tan jarohati olmagan.
Mazkur holat yuzasidan Zafarobod tuman prokuraturasi tomonidan 30-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda holat yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilayotgani ma’lum qilingan.
