2026/2027-oʻquv yilidan boshlab Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Davlat auditi oliy maktabi tashkil etiladi. Shuningdek, “Davlat auditi” bakalavriat taʼlim yoʻnalishini tanlash uchun abituriyentlardan matematika va chet tili fanlari boʻyicha milliy yoki xalqaro sertifikat talab etiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 16-maydagi 248-son qarori bilan davlat auditi sohasiga iqtidorli yoshlarni maqsadli yoʻnaltirish hamda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash tartibi belgilandi.
Qarorga muvofiq, 2026/2027-oʻquv yilidan boshlab Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti huzurida Davlat auditi oliy maktabi tashkil etiladi. Mazkur oliy maktab huquqiy maqomi boʻyicha oliy taʼlim muassasasining fakultetiga tenglashtiriladi.
Shuningdek, “Davlat auditi” bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga qabul qilish tartibiga ham yangi talab joriy etildi. Test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi va ketma-ketligi bir xil boʻlgan beshtagacha bakalavriat taʼlim yoʻnalishi va taʼlim shaklini tanlashda, agar abituriyent ular qatoriga “Davlat auditi” yoʻnalishini ham kiritsa, quyidagi sertifikatlardan biriga ega boʻlishi lozim:
– chet tili fanidan — B2 va undan yuqori darajadagi milliy yoki xalqaro sertifikat;
– matematika fanidan — B va undan yuqori darajadagi milliy yoki xalqaro sertifikat.
Mazkur sertifikatlarga ega abituriyentlar chet tili va matematika fanlaridan test sinovini topshirishdan ozod etiladi hamda faqat ona tili va Oʻzbekiston tarixi fanlaridan test ishlaydi.
Qarorga koʻra, chet tili va matematika fanlaridan tegishli sertifikatga ega boʻlmagan abituriyentlar “Davlat auditi” bakalavriat taʼlim yoʻnalishini tanlash huquqiga ega boʻlmaydi.
