2025-yil dekabr oyida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmati, shuningdek, vazir tomonidan “Kelajak uchun xorijiy til” loyihasiga start berilgani haqida xabar berilgan edi.
Tahririyatimizga ushbu loyiha doirasida o‘qib, imtihonlarda qatnashgan, ammo haligacha til sertifikatini ololmagan yoshlar tomonidan murojaatlar kelib tushdi.
Xo‘sh, loyihaning maqsadi nimalardan iborat edi va jarayon qanday tashkil etildi?
Loyihaning asosiy maqsadi xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish hamda o‘quvchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashdan iborat ekani belgilangan edi. Ammo bu haqida batafsil ma’lumot beruvchi nizomni ochiq manbalarda topishning imkoni bo‘lmadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, loyihaning birinchi bosqichida o‘quvchilarning til bilish darajasi aniqlanib, test asosida ishtirokchilarning natijalari baholanishi, olingan natijalar tahlil qilinib, o‘quvchilar turli darajadagi guruhlarga ajratilishi belgilangan. Natijalardan kelib chiqib, Debat, Movie, Speaking clublar, qo‘shimcha darslar va mock testlar tashkil etilishi aytilgan.
Muhimi, bularning barchasi xorijlik o‘qituvchilar tomonidan bepul tashkil etilishi ma’lum qilingan.
Agentlik bilan hamkorlikda test sinovlari o‘tkazildi
2026-yil mart oyida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Bilimni baholash agentligi bilan hamkorlikda “Kelajak uchun xorijiy til” loyihasi doirasida tahsil olgan o‘quvchilarning bilimlarini baholash bo‘yicha sinov o‘tkazilganini ma’lum qildi.
Vazirlik taqdim etgan ma’lumotda 3234 nafar o‘quvchi loyiha doirasidagi fakultativ mashg‘ulotlarda yuqori natija ko‘rsatganlar orasidan saralab olingani keltirilgan.
Shuningdek, mazkur sinovdan ko‘zlangan asosiy maqsadlar sifatida quyidagilar ko‘rsatilgan:
— o‘quvchilarning til bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini aniqlash;
— ta’lim jarayonining samaradorligini oshirish;
— xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kiritishga ko‘maklashish.
Ma’lumot uchun, 26–27-mart kunlari 3 ta ko‘nikma bo‘yicha test jarayonlari o‘tkazilgan. “Speaking” bosqichi esa har bir o‘quvchi uchun alohida tarzda 30-martdan boshlab tashkil etilgan.
Nega til sertifikati berilmayapti? Muammo nimada?
Bizga kelib tushgan murojaatlarga ko‘ra, loyiha doirasida o‘qigan yoshlar agentlik tomonidan tashkil etilgan xorijiy tilni bilish darajasini aniqlash bo‘yicha test sinovlarida qatnashgan. Shuningdek, ularga ushbu natijalari asosida til sertifikati berilishi, xarajatlar loyiha tomonidan qoplanishi hamda ushbu sertifikat orqali o‘qishga hujjat topshirishlari mumkinligi aytilgan.
Murojaatchilarning so‘zlariga ko‘ra, ular hozir o‘qishga hujjat topshira olmayapti. Sababi, sertifikat yo‘q.
“CEFR imtihoni xarajatlarini o‘zim qoplab, ya’ni o‘z hisobimdan imtihon topshirmoqchi bo‘lib turganimda, ‘yo‘q, maktabdan borasizlar, davlat bepul imtihon tashkillashtirib beryapti va sizlarga sertifikat ham beriladi’, deb olib qolishdi. Men shu sertifikatga ishonib, boshqa imtihonlardan qolib ketdim. Hozir esa sertifikat yo‘q, faqat natijalarimizni yuborishdi. Endi esa o‘qishga hujjat topshirolmay o‘tiribman”, — deydi murojaatchi o‘quvchilardan biri.
Talimxabarlari.uz sayti muxbiri masalani atroflicha o‘rgandi va mas’ullardan ma’lumot olishga harakat qildi.
Muammo ayni ammo mas’ullarning javobi turlicha
Ushbu loyiha tashkilotchisi hisoblangan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmatidan ma’lumot oldik. Dilfuza Sobirovaning ma’lum qilishicha, ushbu masala ko‘rib chiqilgan va yaqin orada hal bo‘lib, natijaga erishgan barcha o‘quvchiga sertifikat beriladi.
Ammo imtihonni tashkil etgan Bilim va malakalarni baholash agentligi mas’ullari ushbu masalaga vazirlikdan farqli javob berdi.
Agentlik matbuot kotibi Orziqul Boboyevning Talimxabarlari.uz muxbiriga taqdim etgan ma’lumotiga ko‘ra, loyihada o‘quvchilarga sertifikat berish nazarda tutilmagan. Maqsad faqat ularning bilimini baholash bo‘lgan.
Shu o‘rinda bir nechta savol paydo bo‘ladi:
1. O‘quvchilarga sertifikat berilishi haqida ma’lumot qaysi asosga ko‘ra yetkazilgan?
2. Agar sertifikat berilishi ko‘zda tutilgan bo‘lsa, uning shu paytgacha berilmagani nima bilan izohlanadi?
3. O‘qishga ro‘yxatdan o‘tish muddati yakunlanishiga 2 kun qolgan bir paytda, ushbu masala qachon va qanday tartibda hal etiladi?
Talimxabarlari.uz sayti barcha tomonlarning murojaatlari uchun ochiq va mas’ullardan javob kutib qoladi.
