Аndijon shahar 1-ixtisoslashtirilgan maktabning 10-sinf o‘quvchisi Аbdurashitov Аsadbek bir nechta fanlardan sertifikatlar olib, muddatidan oldin 189 ball to‘pladi.
Andijon shahar 1-ixtisoslashtirilgan maktabining 10-sinf o‘quvchisi Abdurashitov Asadbek 4 ta fandan sertifikatlarni qo‘lga kiritib, muddatidan oldin 189 ball jamg‘arishga muvaffaq bo‘ldi.
U matematika fanidan A, ingliz tilidan CEFR B2, tarix fanidan B hamda o‘zbek tili va adabiyot fanidan C+ darajali sertifikat sohibi hisoblanadi. Ushbu natijalar esa unga oliy ta’limga kirish yo‘lida katta ustunlik yaratmoqda.
Asadbek kelajakda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining “Xalqaro iqtisodiy munosabatlar” yo‘nalishida tahsil olishni maqsad qilgan.
Bugungi kunda iqtisodiyot sohasi jadal rivojlanmoqda. Men ham shu yo‘nalishda bilim olib, kelajakda xalqaro iqtisodiy munosabatlar sohasida faoliyat yuritishni istayman, — deydi u.
Asadbekning aytishicha, sertifikat olish g‘oyasi unga maktab ustozlari va ota-onasi tavsiyasi orqali kelgan.
Milliy sertifikatlar tizimi keng ommalashayotgan paytda ustozlarim va ota-onam bu imkoniyatdan foydalanishni tavsiya qilishdi. Shundan so‘ng maqsad qo‘yib, tayyorgarlikni boshladim.
Tayyorgarlik jarayoni ba’zan qiziqarli, ba’zan esa murakkab kechgan bo‘lsa-da, oldiga qo‘ygan maqsad unga doimo motivatsiya bergan.
Har bir fan o‘ziga xos mehnat talab qiladi
Asadbekning ta’kidlashicha, tayyorgarlik muddati fanlarning murakkabligiga qarab farq qilgan.
Matematika faniga qariyb 1 yil vaqt sarflangan bo‘lsa, tarix va ona tili fanlariga 3-4 oy tayyorlangan. Ingliz tili bo‘yicha CEFR sertifikati uchun esa bir oy davomida maqsadli tayyorgarlik olib borgan.
Uning fikricha, boshlang‘ich bilim yetarli bo‘lmagan hollarda o‘quv markazlari va malakali ustozlar muhim rol o‘ynaydi. Biroq fan bo‘yicha asosiy bilim mavjud bo‘lsa, test to‘plamlari va onlayn tayyorgarlik eng samarali usullardan biri hisoblanadi.
Self-study — muvaffaqiyatning muhim omili
O‘quvchi eng katta natijani mustaqil ishlash orqali qo‘lga kiritganini aytadi.
Qo‘shimcha vazifalar bajarish, mustaqil izlanish olib borish va o‘z ustida ishlash har qanday o‘quvchini maqsadiga tezroq yetkazadi. Men uchun self-study eng samarali usul bo‘lgan.
Yuqori natijaga erishishda vaqtni to‘g‘ri taqsimlash alohida ahamiyat kasb etgan.
Maktabdagi bo‘sh vaqtlardan unumli foydalanishga harakat qilardim. Uyga borgach esa qo‘shimcha vazifalar ustida ishlardim. Har bir daqiqani to‘g‘ri taqsimlash maqsadga yaqinlashtiradi, — deydi Asadbek.
Uning fikricha, ko‘plab o‘quvchilar vaqtni noto‘g‘ri boshqarishi sababli qiyinchiliklarga duch keladi.
“Past natijalar ham saboq bo‘ldi”
Bugungi muvaffaqiyatlar ortida qiyin davrlar ham bo‘lgan. Asadbek matematika bo‘yicha dastlabki ikki milliy sertifikat imtihonida kutgan natijani qo‘lga kirita olmagan.
Natijalarim pasayib ketgan paytlar bo‘lgan. Bunday holat har qanday o‘quvchi uchun og‘ir. Lekin tushkunlikka tushish o‘rniga xatolarimni tahlil qildim va ishlashda davom etdim, — deydi u.
Bugungi kunda Asadbek erishgan natijalar bilan to‘xtab qolmoqchi emas. U xalqaro olimpiadalarga tayyorgarlik ko‘rmoqda hamda SAT imtihonidan yuqori natija olish ustida ishlayapti.
SAT natijamni yanada yaxshilash va xorijiy universitetlarga kirish imkoniyatlarini kengaytirishni maqsad qilganman. Natijalar birdaniga kelmaydi. Eng muhimi — to‘xtamaslik va o‘z ustingizda ishlashda davom etishdir, — yakunlaydi u.
Asadbekni o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!
Avvalroq, Qashqadaryo viloyati Qarshi tumani Lagandi qishlog‘idagi 41-maktabning 11-sinf bitiruvchisi Choriyeva Nilufar Feruz qizi kerakli fanlardan milliy sertifikatlar to‘plab, muddatidan oldin talaba bo‘lgani haqida xabar bergan edik.
