Qashqadaryo viloyati Qarshi tumani Lagandi qishlog‘idagi 41-maktabning 11-sinf bitiruvchisi Choriyeva Nilufar Feruz qizi kerakli fanlardan milliy sertifikatlar to‘plab, muddatidan oldin talaba bo‘ldi.
Nilufar matematika fanidan A+, fizika fanidan A, o‘zbek tili va adabiyot fanidan B hamda tarix fanidan C+ darajali milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritib, muddatidan oldin talabalik baxtiga erishdi. U kelajakda Qarshi davlat universitetining pedagogika yo‘nalishida tahsil olishni maqsad qilgan.
Nilufarning aytishicha, u sertifikatlarga tayyorgarlikni 9-sinfdan boshlagan. Dastlab o‘z oldiga aniq maqsad qo‘yib, bosqichma-bosqich harakat qilgan. Matematika va fizika fanlariga qariyb 2 yil vaqt ajratgan bo‘lsa, ona tili va adabiyot fanidan 4 oy, tarix fanidan esa atigi 15 kun davomida tayyorgarlik ko‘rgan.
Maqsadim aniq bo‘lgani uchun vaqtni to‘g‘ri taqsimlashga harakat qildim. Har bir fan uchun alohida reja asosida tayyorlandim, — deydi u.
Tayyorgarlik davomida Nilufar nafaqat repetitorlarga qatnagan, balki onlayn darslar va elektron manbalardan ham faol foydalangan.
Uning fikricha, zamonaviy texnologiyalarni to‘g‘ri yo‘naltira olgan o‘quvchi uchun telefon katta yordamchiga aylanishi mumkin.
Men telefon orqali turli onlayn darslar, testlar va mock imtihonlarda qatnashardim. Bu bilimlarimni mustahkamlashga juda katta yordam berdi, — deydi u.
Nilufarning aytishicha, tayyorgarlik davrida uyqu rejimi sezilarli darajada buzilgan.
Kunduz kunlari maktabdagi darslarda qatnashgan bo‘lsa, kechki vaqtlarini qo‘shimcha mashg‘ulotlar va mustaqil tayyorgarlikka bag‘ishlagan. Nilufar tayyorgarlik davomida tushkunlikka tushmaganini aytadi. Bunga esa o‘ziga bo‘lgan ishonchi sabab bo‘lgan.
Psixologik tayyorgarlik juda muhim. Men har doim o‘zimga ishonganman va boshqalarning fikrlariga ortiqcha e’tibor bermaganman, — deydi u.
Uning fikricha, muvaffaqiyatga erishish uchun avvalo inson o‘z imkoniyatlariga ishonishi kerak. Shuningdek, bilim bilan bir qatorda diqqat ham yuqori natija uchun muhim hisoblanadi.
Diqqatliroq boʼlish kerak. Vaqtdan yutish kerak, lekin tezroq ishlayman deb savollarni shoshilib o‘qimaslik kerak. Ayrim xatolar aynan shoshqaloqlik sabab yuz beradi. Ko‘proq o‘qish kerak. Bir marta o‘xshamadi deb tushkunlikka tushmaslik kerak. Har doim o‘ziga ishonch bo‘lishi kerak. Eng muhimi, hech qachon harakatdan to‘xtamaslik kerak, — deydi u.
Uning aytishicha, imtihon savollari tushunarli va adolatli bo‘lgan, imtihon muhiti esa yuqori darajada tashkil etilgan.
Bugun o‘zi ham ustozlik qilmoqda
Nilufar yosh o‘quvchilarga bilim berayotgan ustoz hamdir. Hozirda u matematika fanidan repetitorlik faoliyati bilan shug‘ullanadi.
O‘quvchilarim bor. Repetitorlik orqali o‘z xarajatlarimni qoplay olaman. Kelajakda ham shu faoliyatni davom ettirmoqchiman, — deydi u.
Kelgusida SAT imtihonini topshirib, yuqori natija qayd etish va SAT bo‘yicha ham o‘quvchilar tayyorlash uning asosiy maqsadlaridan biri hisoblanadi.
Nilufarni o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!
Avvalroq, Surxondaryolik abituriyent 5 ta fandan milliy sertifikat olib, muddatidan oldin talaba bo‘lgani haqida xabar bergan edik.
