Fransiyadagi jazirama ham ta’lim tizimiga ta’sir qildi: 845 ta maktab yopildi

Fransiyadagi jazirama ham ta’lim tizimiga ta’sir qildi: 845 ta maktab yopildi

Fransiyada kuzatilayotgan rekord darajadagi issiq havo ta’lim tizimiga ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Mamlakat bo‘ylab 845 ta maktab vaqtincha yopilgan, yana qariyb 1 800 ta ta’lim muassasasida darslar muddatidan oldin yakunlanmoqda.

 

Fransiya ta’lim vaziri Eduar Jefrening ma’lum qilishicha, 22-iyun kuni kamida 845 ta maktab faoliyatini to‘xtatgan. Yana qariyb 1 800 ta maktabda o‘quvchilar odatdagidan ertaroq uyga javob berilishi rejalashtirilgan.

 

Maktablarning aksariyati mamlakatning 49 ta hududida joylashgan bo‘lib, ushbu hududlarda eng yuqori — qizil darajadagi issiqlik ogohlantirishi e’lon qilingan. Qizil ogohlantirish Parij mintaqasi, Fransiyaning g‘arbiy qirg‘oqlari hamda markaziy va janubiy hududlarini qamrab olgan.

 

Météo France meteorologiya xizmati 22-iyun kuni mamlakat tarixidagi eng issiq kunlardan biri bo‘lishi mumkinligini bildirgan. Ayrim hududlarda havo harorati 41 darajagacha ko‘tarilishi taxmin qilingan.

 

Fransiyaning ekologik masalalari bo‘yicha vaziri Matyo Lefevr harorat bo‘yicha yangi rekordlar qayd etilishi va ko‘rsatkichlar juda yuqori darajada saqlanib qolishi mumkinligini ta’kidlagan.

 

‘‘Hafta oxirigacha haroratning pasayishini kutmayapmiz’’, — deya qo‘shimcha qilgan u.

 

Jazirama mamlakatdagi yakuniy imtihonlar davriga ham to‘g‘ri kelgan. Shu hafta yuz minglab maktab bitiruvchilari bakalavriat (baccalauréat) bo‘yicha og‘zaki imtihonlarni topshiradi. Imtihon jarayonlarini xavfsiz tashkil etish maqsadida Parijni o‘z ichiga olgan Il-de-Frans mintaqasi imtihon markazlarini sovutish uskunalari bilan ta’minlash uchun 1 million yevro miqdorida favqulodda mablag‘ ajratgan.

 

Ayrim hollarda maktab binolari bolalarni jaziramadan himoya qilish uchun uy-joylarga nisbatan yaxshiroq sharoitga egaligi qayd etilgan. Shu sababli maktablarni yopish bo‘yicha qarorlar markazlashgan tartibda emas, balki hududlardagi vaziyatdan kelib chiqib qabul qilinmoqda.

 

Fransiya hukumati issiq to‘lqin oqibatlarini yumshatish masalasini muhokama qilish uchun ketma-ket ikkinchi favqulodda yig‘ilishni o‘tkazgan. Mamlakat prezidenti Emmanuel Makron fuqarolarni yoshi ulug‘lar, bolalar va yordamga muhtoj insonlarga alohida e’tibor qaratishga chaqirgan.

 

‘‘Keksalarimiz, bolalarimiz hamda yolg‘iz yashayotgan yoki yordamga muhtoj insonlarga alohida e’tibor qarataylik’’, — deb yozdi Emmanuel Makron X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.

 

Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, kuchli jazirama nafaqat Fransiya, balki Buyuk Britaniya, Belgiya, Italiya va Ispaniyada ham ta’lim muassasalari hamda transport tizimi faoliyatiga ta’sir ko‘rsatmoqda. Buyuk Britaniyada o‘nlab maktablar darslarni muddatidan oldin tugatishni rejalashtirgan bo‘lsa, Belgiyada ayrim imtihonlar salqinroq binolarga ko‘chirilgan.

 

Meteorologlar hozirgi vaziyatni 2003-yildagi tarixiy issiq to‘lqin bilan taqqoslamoqda. Ularning fikricha, iqlim o‘zgarishi tufayli bunday ekstremal ob-havo hodisalari kelgusida yanada ko‘proq kuzatilishi mumkin.

 

Avvalroq, kuchli issiq sabab Buyuk Britaniyadagi ayrim maktablar qisman yopilayotganligi haqida xabar berilgan edi.