Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanidagi 74-maktabning 11-sinf bitiruvchisi Berdimurodov Bahrom 6 ta fandan milliy va xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kiritib, muddatidan oldin talaba bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
U ingliz tilidan CEFR B2, kimyo va biologiya fanlaridan A, matematikadan B+, o‘zbek tili va adabiyot fanidan B+, tarix fanidan esa B darajali sertifikatlarga ega bo‘ldi.
Yosh bitiruvchi kelgusida Toshkent davlat tibbiyot universitetining davolash yo‘nalishida tahsil olishni, so‘ngra ta’limini Germaniyada davom ettirishni maqsad qilgan.
Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchi bilan sertifikatga tayyorgarlik jarayoni va rejalari haqida suhbatlashdi.
Ustoz tavsiyasi katta maqsadga aylandi
Bahromning aytishicha, sertifikat olish g‘oyasi unga 9-sinfda kimyo fani o‘qituvchisi Rahmatullayeva Klara tomonidan tavsiya qilingan.
9-sinfning aprel oyida ustozim sertifikat topshirishimni tavsiya qildi. Bir oy o‘tib, may oyida kimyo fanidan imtihon topshirib, A darajali sertifikatni qo‘lga kiritdim. Shu natija menga yanada katta motivatsiya berdi. Natijaga erishish insonni oʻzining va yaqinlarining oʻziga boʻlgan ishonchi oshishiga va kelgusida juda katta energiya bilan harakat qilishiga sabab boʻladi, — deydi u.
Bahrom turli fanlar bo‘yicha turli muddatlarda tayyorlandi. Kimyo faniga 1,5 yil, biologiyaga 7 oy, matematikaga 1 oy, ona tili va tarixga 2 oydan, ingliz tiliga esa 1 oy vaqt ajratdi.
Tayyorgarlik davomida maktabdagi qo‘shimcha mashg‘ulotlar va repetitorlik darslari bilan bir qatorda onlayn platformalardan ham samarali foydalangan.
Ko‘proq RASH testlari orqali tayyorlandim. Onlayn testlar bilimimni mustahkamlashda juda katta yordam berdi. Tayyorgarlik vaqtida men qoʻllagan eng samarali usul bu xonamni qulflab olib 4-5 soat hayotdan uzulib qolgan holda fokus bilan dars qilish.
Shuningdek, u imtihonlarda qiyinchilikka duch kelmaslik uchun tayyorgarlik vaqtida doimo murakkab testlar ustida ishlagan.
“Tayyorgarlikda qiyin bo‘lsa, imtihonda oson bo‘ladi” degan fikrga amal qilardim. Shu sababli imtihon savollari menga ko‘pincha sodda tuyulardi.
Bahromning fikricha, vaqt barcha uchun bir xil berilgan va undan qanday foydalanish insonning o‘ziga bog‘liq.
Sertifikatlarga tayyorlanish davrida u ko‘plab yig‘inlar, uchrashuvlar va bo‘sh vaqtni talab qiladigan mashg‘ulotlardan voz kechgan.
Do‘stlarim va qarindoshlarim bilan bo‘ladigan ayrim tadbirlarda qatnasha olmaganman. Ammo bugun natijalarni ko‘rib, bundan afsuslanmayman, — deydi u.
Uyqu — energiyaning asosiy manbai
Samarali o‘qish uchun esa uyqu rejimiga ham alohida e’tibor berganini bildirdi.
Har bir narsa yanada yaxshi ishlashi uchun energiya talab qiladi. Shu oʻrinda insonning energiyasi bu uyqu. Toʻgʻri vaqtda uxlansa 4,5 soatlik uyqu hatto 6 soatlik uyqu energiyasini berishi mumkin. Tayyorgarlik davrida har kuni soat 23:00 dan 03:30 gacha aniq rejim asosida uxlaganman.
Telefon — foydali ham, zararli ham bo‘lishi mumkin
Bahrom telefonni to‘g‘ri ishlatilsa foydali vosita deb hisoblaydi.
Telefonni oshxona pichog‘iga o‘xshataman. Uni qanday ishlatish — insonning irodasi va maqsadiga bog‘liq. Men undan testlar ishlash va bilim olish uchun foydalanganman, — deydi u.
189 ball olmoqchi bo‘lgan yoshlarga esa ayrim tavsiyalar berdi:
Bir vaqtning o‘zida ko‘p maqsad ortidan quvishdan ko‘ra, har bir fan va vazifaga navbatma-navbat bor kuchingizni berish samaraliroq. Eng muhimi, o‘zingizga ishoning va harakatdan to‘xtamang.
Hozirda Bahrom rus tilini o‘rganmoqda hamda she’r yozish bilan shug‘ullanmoqda. Kelgusida tibbiyot sohasida malakali mutaxassis bo‘lish va xorijda ta’lim olishni rejalashtirmoqda.
Bahromni o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!
Avvalroq, muddatidan avval talaba bo‘lgan qashqadaryolik abituriyent bilan suhbatlashgan edik.
