SAT imtihonidan 1200 ball va undan yuqori natijaga erishgan abituriyentlar, belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tib, yo‘nalish va ta’lim tilini tanlashsa, o‘qishga hech qanday imtihonsiz, qo‘shimcha davlat granti asosida qabul qilinadi.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentyabrdagi 578-son qarori bilan tasdiqlangan bakalavriatga qabul qilish tartibiga muvofiq, SAT xalqaro imtihoni natijalari oliy ta’lim muassasalariga kirishda inobatga olinadi.
Mazkur Nizomga ko‘ra, “College Board” tashkiloti tomonidan o‘tkaziladigan Scholastic Aptitude Test (SAT) imtihonida maksimal ballning kamida 75 foizi — 1200 ball va undan yuqori natija qayd etgan abituriyentlar sertifikat berilgan fanlar (matematika va ingliz tili fanlari) kirish imtihonlari tarkibiga mos keladigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha oliy ta’lim tashkilotlariga qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi.
Xabaringiz bor, 2026-2027 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun onlayn hujjat topshirish jarayonlari 25-iyun kuniga qadar (shu kuni ham) davom etadi. Abituriyent ro‘yxatdan o‘tishda SAT imtiyozidan foydalanmoqchi bo‘lsa, my.uzbmb.uz saytidagi shaxsiy kabineti orqali ro‘yxatdan o‘tish bosqichida sertifikatini kiritishi kerak.
Bilimni baholash agentligi sertifikatingizni tan olish uchun siz avval College Board rasmiy sayti orqali Bilimni baholash agentligiga maxsus DI kod bilan sertifikat natijasini jo‘natgan bo‘lishingiz shart.
SAT’dan tashqari qo‘shimcha xalqaro til sertifikati kerak bo‘ladimi?
SAT va milliy sertifikatga ega abituriyentlar hujjatlarni yuklashda imtiyoz turini toʻgʻri tanlashi muhim. Ayrim sertifikatlar tizimda avtomatik aks etsa, SAT imtiyozidan foydalanishni rejalashtirayotgan talabgorlar faqat tegishli sertifikatni yuklashi kifoya qiladi.
Bilim va malakalarni baholash agentligi bergan maʼlumotga koʻra, agar abituriyent SAT imtiyozi asosida talabalikka qabul qilinishni rejalashtirayotgan boʻlsa, tizimga faqat SAT sertifikatini yuklashi kifoya. Bu holatda chet tili boʻyicha boshqa xalqaro sertifikatlarni qoʻshimcha ravishda yuklash talab etilmaydi.
SAT sertifikati asosida qo‘shimcha davlat grantiga qabul qilingan talabalar grantdan bakalavriatning butun ta’lim davri davomida foydalanadilar. Mazkur grant faqat birinchi o‘quv yili bilan cheklanmaydi.
Biroq, ushbu imtiyoz SAT sertifikati asosida birinchi tanlov (birinchi ustuvor yo‘nalish) bo‘yicha o‘qishga tavsiya etilgan abituriyentlarga nisbatan qo‘llaniladi.
Birinchi ustuvor yo‘nalish nima degani?
SAT imtiyoziga ega abituriyentlar qabulning ikkinchi bosqichida yo‘nalish, ta’lim tili va universitet tanlayotganda matematika va chet tili blokidagi 5 tagacha yo‘nalishni tanlashi mumkin.
Lekin bu yerda bitta juda muhim qoida bor, o‘sha 5 tagacha yo‘nalishning birinchi tanlangan yo‘nalishi (birinchi ustuvor yo‘nalish) ta’lim shakli kunduzgi bo‘lsagina SAT imtiyozidan foydalaniladi.
Chunki davlat granti faqat kunduzgi ta’lim shakllarida mavjud.
Masalan, abituriyent birinchi yo‘nalish sifatida kechki yoki masofaviy ta’lim shaklini tanlasa, uning SAT imtiyozi avtomatik ravishda bekor bo‘ladi.
SAT imtihonidan 1200 ball va undan yuqori natijaga erishgan abituriyentlar, belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tib, yo‘nalish va ta’lim tilini tanlashsa, o‘qishga hech qanday imtihonsiz, qo‘shimcha davlat granti asosida qabul qilinadi.
Savol: SAT sertifikatiga ega abituriyent qabulda kimyo–biologiya fanlari majmuasi belgilangan ta’lim yo‘nalishini tanlasa, unga SAT sertifikati bo‘yicha imtiyozlar qo‘llaniladimi?
Javob: Yo‘q. SAT sertifikati bo‘yicha belgilangan imtiyozlar faqat matematika va chet tili fanlari majmuasiga mos ta’lim yo‘nalishlari uchun amal qiladi.
Agar abituriyent kimyo–biologiya yoki boshqa fanlar majmuasi talab etiladigan ta’lim yo‘nalishini tanlasa, SAT sertifikati inobatga olinmaydi. Bunday holatda u qabul jarayonida umumiy tartibda test sinovlarida ishtirok etadi va to‘plagan ballari asosida tanlovda qatnashadi.
Shu bilan birga, abituriyentda tanlangan fanlar bo‘yicha milliy yoki xalqaro sertifikatlar mavjud bo‘lsa, ular uchun amaldagi tartibga muvofiq qo‘shimcha ball beriladi.
