Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun korreksion sinf tashkil etgan nodavlat ta’lim tashkilotlariga subsidiya ajratiladi. Tegishli tartib Vazirlar Mahkamasining 12-noyabrdagi 619-son qarori bilan belgilandi.
Hukumatning 2026-yil 12-noyabr 619-son qarori bilan “Alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalarga nodavlat taʼlim tashkilotlari tomonidan korreksion sinf tashkil etgan holda umumiy oʻrta taʼlim xizmatlarini koʻrsatish xarajatlarini subsidiyalash tartibi toʻgʻrisida”gi nizom tasdiqlandi.
Ushbu Nizom alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalarga nodavlat taʼlim tashkilotlari tomonidan korreksion sinf tashkil etgan holda umumiy oʻrta taʼlim xizmatlarini koʻrsatish xarajatlarini subsidiyalash tartibini belgilaydi.
Nodavlat taʼlim tashkiloti korreksion sinf tashkil etish maqsadida bitim tuzish uchun umumiy oʻrta taʼlim xizmatlari koʻrsatiladigan hududdagi hududiy boshqarmaga “YAMIH” AT orqali belgilangan maʼlumotlarni koʻrsatgan holda ariza bilan murojaat qiladi.
Arizani koʻrib chiqish yakuni boʻyicha hududiy boshqarma tomonidan 1 ish kuni ichida bitim tuzishni rad etish asoslari aniqlanmagan taqdirda, axborot modulida bitim tuzish maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida xulosa rasmiylashtiriladi va bitim imzolanadi.
Nodavlat taʼlim tashkilotining har bir korreksion sinfidagi oʻquvchilar soni 12 nafardan oshmasligi lozim.
Korreksion sinfda taʼlim oladigan har bir bola uchun toʻliq bir oyda quyidagi miqdorlarda subsidiya ajratiladi:
- Toshkent shahrida BHMning 11 baravari;
- viloyatlar markazi va Nukus shahrida BHMning 9,5 baravari;
- boshqa tuman (shahar)larda BHMning 8,5 baravari miqdorida.
Avvalroq, nodavlat ta’lim tashkilotlari barcha zarur sharoitlarni yaratgan taqdirda, ularda ham inklyuziv ta’lim va boshlang‘ich tayanch korreksion sinflar tashkil etilishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi. Buning uchun tegishli hududiy ta’lim boshqarmasi bilan kelishish talab etiladi.
