2027-yilda ta’lim sohasiga 114,3 trillion so‘m ajratish rejalashtirilmoqda

2027-yilda ta’lim sohasiga 114,3 trillion so‘m ajratish rejalashtirilmoqda

Kelgusi yil Davlat budjeti loyihasida ta’lim sohasini moliyalashtirish uchun 114,3 trillion so‘m yo‘naltirish ko‘zda tutilgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 14 trillion so‘m ko‘p.

Bugun, 13-noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev 2027-yil uchun Davlat budjetining maqsadli ko‘rsatkichlari, asosiy makroiqtisodiy prognozlar hamda budjet-soliq siyosatining ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

Yig‘ilishda joriy yil yakunida mamlakat iqtisodiyoti kamida 8 foizga o‘sishi, yalpi ichki mahsulot hajmi 200 milliard dollardan, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromad esa 5,2 ming dollardan oshishi kutilayotgani qayd etildi.

Ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni moliyalashtirish uchun jami qariyb 176 trillion so‘m yo‘naltirish rejalashtirilmoqda.

Xususan, ta’lim sohasiga 114,3 trillion so‘m, tibbiyotga esa 61,4 trillion so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan. Bu mablag‘lar o‘tgan yilga nisbatan mos ravishda 14 trillion va 12 trillion so‘mga ko‘p.

Shuningdek, hududlar va mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, aholi bandligi va daromadlarini oshirish, inson kapitalini rivojlantirish hamda ijtimoiy himoyani kuchaytirish uchun 70 trillion so‘m ajratish belgilanmoqda.

Ijtimoiy majburiyatlarni barqaror moliyalashtirish uchun iqtisodiyotning yillik o‘sish sur’atlarini kamida 7 foiz darajasida ta’minlash, mavjud zaxiralar va yangi texnologik omillardan foydalanish zarurligi ta’kidlandi.

Shu maqsadda kelgusi yildan iqtisodiy o‘sishning yangi modeliga o‘tish, har bir tarmoqda yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish, mehnat unumdorligini oshirish, eksport salohiyatini kengaytirish va yuqori daromadli ish o‘rinlarini ko‘paytirish asosiy vazifalar etib belgilandi.

Mutasaddilarga 2027-yilda 65 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilish bo‘yicha tarmoqlar va hududlar kesimida aniq rejalar ishlab chiqish topshirildi.

Yig‘ilishda bildirilgan fikr va takliflar asosida 2027-yil uchun Davlat budjeti loyihasining asosiy yo‘nalishlari belgilab olindi.

Qonunchilikka muvofiq, Davlat budjeti loyihasi va uning ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari mahalliy Kengashlarda muhokama qilinadi. Shundan so‘ng loyiha Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritiladi.