SAT va milliy sertifikatga ega abituriyentlar hujjatlarni yuklashda imtiyoz turini toʻgʻri tanlashi muhim. Ayrim sertifikatlar tizimda avtomatik aks etsa, SAT imtiyozidan foydalanishni rejalashtirayotgan talabgorlar faqat tegishli sertifikatni yuklashi kifoya qiladi.
Davlat OTMlariga hujjat topshirayotgan abituriyentlar SAT sertifikati hamda fanlardan olingan milliy sertifikatlar mavjud boʻlsa, ularning barchasini tizimga yuklash kerakmi, degan savol bilan murojaat qilmoqda.
Bilim va malakalarni baholash aganetligi bergan maʼlumotga koʻra, agar abituriyent SAT imtiyozi asosida talabalikka qabul qilinishni rejalashtirayotgan boʻlsa, tizimga faqat SAT sertifikatini yuklashi kifoya. Bu holatda chet tili boʻyicha boshqa xalqaro sertifikatlarni qoʻshimcha ravishda yuklash talab etilmaydi.
Shuningdek, umumtaʼlim fanlaridan olingan milliy sertifikatlar abituriyentning shaxsiy kabinetida avtomatik ravishda aks etadi. Shu sababli ularni qayta elektron shaklda yuklashga hojat yoʻq.
Qayd etilishicha, roʻyxatdan oʻtish jarayonida qaysi imtiyoz koʻproq ustunlik berishini oldindan aniqlab olish muhim. Masalan, abituriyent SAT sertifikati orqali oʻqishga kirishni maqsad qilgan boʻlsa, tizimda aynan SAT imtiyozidan foydalanish varianti tanlanishi lozim.
Avvalroq, ona tilidan milliy sertifikat natijalari qachon chiqishi haqida xabar bergan edik.
