Buxoro shahrida maktab oʻquvchilari tashkil qilgan jinoiy guruh ijtimoiy tarmoqdagi mojaro ortidan ko‘chada hujum uyushtirgan va Nexia avtomashinasi zarar ko‘rgan. Tezkor tergov natijasida gumonlanuvchilar qo‘lga olindi va ular ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Buxoro viloyati IIB tezkor qidiruv xizmati xodimlari olib borgan tezkor tadbirlar natijasida Buxoro shahrida yoshlar tashkil qilgan jinoiy guruhining faoliyati toʻxtatildi.
Maʼlumotlarga koʻra, mojaro avval Instagram ijtimoiy tarmogʻida boshlangan. Gap-soʻz bir qiz bola sabab chiqqan. Buxoro tumanidagi maktab oʻquvchisi boʻlgan yigit bilan yozishmalar atrofida boshlangan bahsga Buxoro shahridagi 36-umumiy oʻrta taʼlim maktab oʻquvchilari ham aralashgan. Oddiy internet tortishuvi asta-sekin haqorat, tahdid va “razbor” chaqiriqlariga aylanib ketgan. Tomonlar masalani “koʻchada hal qilish”ga kelishib olishgan.
Samarqand koʻchasida oʻtgan uchrashuvda 10–15 kishidan iborat guruh jabrlanuvchilarga hujum qilib, ularni kaltaklagan va Nexia avtomashinasi zarar koʻrgan. Shuningdek, ayrim shubhalanuvchilar kastetga oʻxshash sovuq qurol ishlatganligi aniqlangan.
Voqeadan soʻng gumonlanuvchilar hodisa joyidan yashiringan. Biroq, Buxoro viloyati IIB tezkor xodimlari tomonidan ular qisqa vaqt ichida aniqlanib, qoʻlga olingan.
Tergov jarayonida ushbu janjalga aloqador bir nechta taʼlim muassasalari nomi tilga olingan. Buxoro shahridagi 3 ta maktab va Buxoro tumanidagi 1 ta maktab oʻquvchilari mojaroda ishtirok etgani aytilmoqda. Ular orasida oliy taʼlim muassasasi talabalari ham boʻlgan. Ayrim talabalarning hujjatsiz holda avtomashina boshqarib kelgani ham aniqlangan.
Huquq-tartibot idoralari xodimlari janjalni zudlik bilan toʻxtatib, ishtirokchilarning ota-onalarini ham tergovga chaqirgan.
Mazkur urush-janjalda shaxsan ishtirok etganlarning shaxsiga aniqlik kiritilganda, holatga Buxoro tumanidagi 39-son umumiy oʻrta taʼlim maktabi, Buxoro shahridagi 36-, 15- hamda 10- sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabi oʻquvchilari ishtirok etgani aniqlangan.
Voqeadan keyin Buxoro shahar prokuraturasi tomonidan Buxoro viloyati maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi boshligʻi nomiga jinoyatga aloqador maktablarda xizmat tekshiruvi oʻtkazish toʻgʻrisida taqdimnoma kiritilgan. Va shu asosda 4 ta maktabda ham oʻrganuv oʻtkazilgan.
Boshqarma masʼul xodimining bildirishicha, oʻrganuvlar davomida janjal ishtirokchilarining aksariyati darslarda muntazam qatnashib kelgan. Oʻsha kuni ham ularning barchasi mashgʻulotlarda ishtirok etgani qayd etilgan.
“Bu koʻngilsiz voqea darsdan keyin sodir boʻlgan. Oʻquvchilarning darslarga qatnashuvida muammo boʻlmagan. Lekin, 36-maktab maʼmuriyatida jiddiy xatolar bor. Maktab ish rejasi tasdiqlanmagan. Dars jadvali ham tartibli yuritilmagan”, — deydi boshqarma masʼuli.
Hozirda gumonlanuvchilarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi “a” bandi, yaʼni bir guruh shaxslar tomonidan bezorilik sodir etish holati boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Ichki ishlar organlari, shuningdek, mazkur guruh harakatlaridan jabrlangan boshqa fuqarolar boʻlsa, murojaat qilishlarini soʻragan.
Tergov jarayonida ota-onalarning pushaymonliklari ham jamoatchilik eʼtiborini tortdi.
“Farzandimning tarbiyasiga yetarlicha eʼtibor bermaganim uchun pushaymonman. Oʻgʻlimga ortiqcha ishonib, uni nazorat qilmabman”,—deydi gumonlanuvchilardan birining onasi.
Mazkur jinoyatning asosiy tashabbuskorlari sifatida 2009-yilda tugʻilgan H.S. va T.M. tilga olinmoqda.
Gumonlanuvchilardan biri H.S. tergovda qilgan ishidan pushaymon ekanini aytgan:
“Xalqqa zarar yetkazdik. Labi Hovuzda, koʻchada janjal qildik. Oʻsha payt turistlar ham oʻtib ketayotgandi. Qoʻrqib ketishdi. “Koʻcha bolasi” boʻlishni havas qilgandik. Lekin, hozir qilgan ishimdan pushaymonman”.
Mazkur holat sodir boʻlishiga yoʻl qoʻygan mansabdor shaxslar va masʼullar xatti-harakati yuzasidan Buxoro shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq, Fargʻonada maktab oʻquvchilariga tahdid qilib, ularni qoʻrqitgan jinoiy guruh aniqlanganligi haqida xabar bergan edik.
