Fargʻonada maktab oʻquvchilariga tahdid qilib, ularni qoʻrqitgan jinoiy guruh aniqlandi

Fargʻonada maktab oʻquvchilariga tahdid qilib, ularni qoʻrqitgan jinoiy guruh aniqlandi

Fargʻona viloyatida maktab oʻquvchilari va fuqarolarni qoʻrqitish, ularga tahdid qilish orqali telefon va boshqa moddiy boyliklarni talon-toroj qilish bilan shugʻullangan uyushgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qoʻyildi. Guruhga 2004-yilda tugʻilgan, avval sudlangan shaxs rahbarlik qilgani aniqlangan.

 

Fargʻona viloyatida ichki ishlar organlari hamda Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirlar davomida uyushgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qoʻyildi.

 

Aniqlanishicha, 2004-yilda tugʻilgan, avval Jinoyat kodeksining 97-moddasi bilan sudlangan shaxs jinoiy guruh yetakchisi sifatida 5 nafar yoshlarni atrofiga jamlab, guruh faoliyatini tashkil etgan.

 

Guruh aʼzolari maktab oʻquvchilari va fuqarolarni qoʻrqitish, tan jarohati yetkazish bilan tahdid qilish orqali ularning telefonlari hamda boshqa moddiy boyliklarini talon-toroj qilish, firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritish bilan shugʻullangan.

 

Shuningdek, mazkur jinoiy guruh oʻz atrofiga boshqa shaxslarni ham jalb qilishga uringani qayd etilgan.

 

Oʻtkazilgan tezkor tadbirlar natijasida guruhning barcha aʼzolari qoʻlga olinib, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 224-moddasi tartibida vaqtincha saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan.

 

Tergov davomida guruh aʼzolaridan biri yonidan giyohvandlik moddasi va sovuq qurol ashyoviy dalil sifatida olingan. Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

 

 

Avvalroq, Farg‘onada voyaga yetmagan o‘quvchiga shilqimlik qilgan o‘qituvchi 5 sutkaga qamalgani haqida xabar bergan edik.