“Katta natijalar birdan kelmaydi”: buxorolik 10-sinf o‘quvchisi muddatidan oldin talaba bo‘ldi

“Katta natijalar birdan kelmaydi”: buxorolik 10-sinf o‘quvchisi muddatidan oldin talaba bo‘ldi

Buxoro viloyati Jondor tumani 37-maktab 10-sinf oʻquvchisi Hasanova Umida Zamon qizi bir nechta fanlardan milliy sertifikatlarni qoʻlga kiritdi. Mazkur natijalar unga muddatidan oldin talaba boʻlish imkoniyatini bermoqda.

 

Umida kelgusida xorijiy tillar boʻyicha mutaxassis boʻlishni maqsad qilgan va Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining ingliz tili yoʻnalishiga hujjat topshirishni rejalashtirmoqda.

 

Talimxabarlari.uz sayti muxbiri Umida bilan imtihonga tayyorgarlik jarayoni haqida suhbatlashdi. U oʻzbek tili va adabiyoti fanidan A, matematika fanidan B, tarix fanidan C+, ingliz tilidan esa CEFR B2 darajali milliy sertifikatlarni qoʻlga kiritgan.

 

Umida chet tillariga boʻlgan qiziqishi va doimiy oʻz ustida ishlash unga asosiy turtki boʻlganini aytadi.

 

“Doim oʻz ustimda ishlash, vaqtni qadrlash va oldimga qoʻygan maqsadlarga intizom bilan erishishga harakat qilaman”, — deydi u.

 

Uning milliy sertifikatga topshirish qarori kelajakdagi maqsadlari bilan bogʻliq boʻlgan.

 

“Kelajagim uchun imkoniyatlarni oldindan yaratishni xohladim. Sertifikatlar nafaqat ball, balki insonning bilimi, sabri va intizomini ham sinaydi deb oʻylayman”, — deydi Umida.

 

Fanlar orasida ingliz tili unga eng yaqin va qiziqarli fan boʻlgan. Tarix esa koʻproq diqqat va xotira talab qilgani uchun nisbatan murakkabroq tuyulgan. Shuningdek, u mehnatiga ishonganini, biroq barcha fanlardan yaxshi natija chiqishi unga katta quvonch va motivatsiya berganini aytadi.

 

Milliy sertifikat imtihon jarayonlari haqida gapirar ekan, Umida savollar orasida murakkab topshiriqlar ham boʻlganini, biroq muntazam tayyorgarlik unga yordam berganini taʼkidlaydi.

 

Uning fikricha, eng katta qiyinchilik vaqtni toʻgʻri boshqarish va doimiy intizomni saqlash boʻlgan.

 

“Kunlik reja asosida ishladim. Har kuni oz boʻlsa ham oʻqishni kanda qilmaslikka harakat qildim. Menimcha, muvaffaqiyatning siri aynan muntazamlikda”, — deydi u.

 

Tayyorgarlik jarayonida test ishlash, xatolar ustida ishlash va takrorlash asosiy usul boʻlgan. Shuningdek, ruhiy tayyorgarlik ham muhim oʻrin tutgan.

 

“Tushkunlikka tushgan paytlar boʻlgan, lekin maqsadimni eslab, oʻzimni qoʻlga olishga harakat qilganman. Psixologik tayyorgarlik ham bilim kabi muhim deb oʻylayman”, — deydi Umida.

 

Telefon va ijtimoiy tarmoqlar haqida esa u muvozanat muhimligini taʼkidlaydi. Uning fikricha, telefonning oʻzi muammo emas, undan qanday foydalanish muhim. Vaqtni boshqara olgan inson uchun telefon ham foydali vosita boʻlishi mumkin.

 

Umida tengdoshlariga eng muhim narsa — sabr va doimiy mehnat ekanini alohida taʼkidlaydi.

 

“Oʻzingizga ishoning va vaqtni bekorga sarflamang. Katta natijalar birdan kelmaydi — ular har kuni qilingan kichik mehnatlarning natijasi. Eng muhimi, hech qachon oʻzingizga boʻlgan ishonchni yoʻqotmang”, — deydi u.

 

Avvalroq, Jondor tumanidagi 33-umumiy o‘rta ta’lim maktabining yana bir 10-sinf o‘quvchisi bir nechta fanlardan milliy sertifikatlarni qoʻlga kiritganligi haqida xabar bergan edik.