Smartfonlardan dars vaqtida foydalanish taqiqi talabalar o‘qishiga qanday ta’sir qiladi? — tadqiqot

Smartfonlardan dars vaqtida foydalanish taqiqi talabalar o‘qishiga qanday ta’sir qiladi? — tadqiqot

 

Hindistonda o‘tkazilgan tajriba davomida talabalarga butun semestr davomida dars jarayonida smartfon ishlatish taqiqlangan.

 

 

Tadqiqot Hindistonning Odisha shtatidagi 10 ta oliygohda 17 mingga yaqin talaba ishtirokida o‘tkazilgan. Natijada, dars vaqtida telefon ishlatmagan talabalar semestr oxirida bunday cheklov bo‘lmagan guruhdagilarga qaraganda yuqoriroq baholarga ega bo‘lgan.

 

Tajriba tafsilotlari

 

Tajriba 2024-yil fevraldan maygacha davom etgan bo’lib, 16 955 talaba tasodifiy tarzda nazorat va tajriba guruhlariga bo‘lingan. Masalan, bir universitetda 1-bosqich psixologiya talabalari tajriba guruhiga, ikkinchi bosqich iqtisod talabalari esa nazorat guruhiga kiritilgan. Nazorat guruhlari odatdagidek o‘qishni davom ettirgan, tajriba guruhidagi talabalar esa har dars boshida telefonlarini maxsus qutilarga topshirishgan.

 

 

Tadqiqotdan avval ikki guruhning o‘rtacha baholari deyarli teng bo‘lgan. To‘rt oy o‘tgach, telefonsiz o‘qigan talabalar baholari sezilarli darajada oshgan. O‘rtacha ko‘rsatkich 0,086 standart og‘ish miqdoriga ko‘tarilgan.

 

 

Olimlarning ta’kidlashicha, ayniqsa past baholilar va birinchi bosqich talabalari ko‘proq ijobiy natija ko‘rsatgan. Shu bois, ular telefon taqiqi maktab o‘quvchilari uchun yanada samaraliroq bo‘lishi mumkinligini taxmin qilishmoqda.

 

Baholarning yaxshilanish sababi aniq emas. Taxminan, talabalar darsda kamroq chalg‘igan bo‘lishi mumkin. Ammo 2,5 ming talabadan olingan so‘rov natijalari bunga isbot bermagan: ular dars jarayonida sezilarli farq bo‘lmaganini aytishgan.

 

Dastlabki xulosalar tasdiqlanmadi

 

Tadqiqot mualliflaridan biri — Pradip Chudhuri dastlabki natijalarni Rossiyadagi Oliy iqtisodiyot maktabi seminarida taqdim etganda, telefon taqiqi talabalar orasida smartfondan foydalanishni umumiy kamaytirganini aytgan. Ammo yakuniy maqolada bu ma’lumot tasdiqlanmagan.

 

 

So‘rov natijalariga ko‘ra, talabalar taqiqni foydali deb hisoblashgan, lekin ularning psixologik holati yoki odatlarida sezilarli o‘zgarish bo‘lmagan.

 

 

Avval tadqiqot 18 ta oliygoh va 40 ming talaba ishtirokida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Biroq ayrim oliygohlar tadqiqot protokoliga to‘liq amal qilmagan, ba’zi talabalar esa so‘rovnomani oxirigacha to‘ldirmagan. Shu sababli yakuniy tahlil faqat ishonchli deb topilgan ma’lumotlarga asoslangan. Asosiy va eng muhim natija — baholarning oshgani bo’lgan.