Mahallalarda sport to‘garaklari tashkil etgan trenerlar har oy rag‘batlantiriladi

Mahallalarda sport to‘garaklari tashkil etgan trenerlar har oy rag‘batlantiriladi

Hukumat mahallalarda sport to‘garaklarini tashkil etgan o‘zini o‘zi band qilgan trenerlarni sport maktablariga biriktirish va ularni rag‘batlantirish tartibini tasdiqladi. Unga ko‘ra, belgilangan talablarni bajargan trenerlarga sport maktabi treneri uchun belgilangan bazaviy tarif stavkasi miqdorida har oy rag‘bat puli to‘lanadi.

 

Hukumatning 2026-yil 24-iyuldagi 407-sonli qarori bilan “Mahallalarda sport to‘garaklarini tashkil etgan holda o‘zini o‘zi band qilgan trenerlarni sport maktabiga biriktirish hamda ularni rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.

 

Nizomga ko‘ra, mahallalarda sport to‘garaklarini tashkil etgan holda o‘zini o‘zi band qilgan trenerlar ixtiyoriy ravishda har yili 20-avgustga qadar sport maktablariga ariza bilan murojaat qiladi.

 

Arizada quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatilishi lozim:

 

– mahallada tashkil etgan sport to‘garagining manzili, sport inshootining maydoni va sig‘imi;

 

– sport to‘garagidagi mavjud sport turlari (tarmoqlari);

 

– sport to‘garagida shug‘ullanuvchi sportchilar to‘g‘risida ma’lumotlar;

 

– trenerlik faoliyati bo‘yicha malaka oshirganlik haqidagi sertifikat.

 

Sport maktabi ariza kelib tushgandan so‘ng 5 ish kuni ichida arizani o‘rganib chiqib, trenerlarni sport maktabiga biriktiradi.

Bunda har bir tuman (shahar)dagi sport maktabi ko‘pi bilan 5 nafargacha trenerni biriktirish huquqiga ega.

 

Trenerlar quyidagi ijtimoiy buyurtmani bajarish sharti bilan sport maktabi treneri uchun belgilangan bazaviy tarif stavkasi miqdorida har oy rag‘batlantirib boriladi:

 

– vakolatli organ tomonidan belgilangan miqdor va me’yorlar asosida sportchilarni tayyorlash;

 

– “ERP sport” tizimida sportchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish;

 

– sportchilarning kunlik davomatini “Fase ID” tizimi orqali elektron ravishda doimiy kiritib borish.

 

Avvalroq, ta’lim va sport yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkaziladigan fan olimpiadalari hamda sport musobaqalari g‘oliblarini “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat” yo‘llanmalari bilan rag‘batlantirish tartibini tasdiqlangani haqida xabar bergan edik