Davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘qishni ko‘chirish tartibini soddalashtirish bo‘yicha amaldagi cheklovlarni yumshatish rejalashtirilmoqda. Quyida amaldagi tartib va kutilayotgan o‘zgarishlar bilan tanishishingiz mumkin.
O‘qishni ko‘chirish tartibi Prezidentning 2022-yil 15-iyundagi PQ-279-son qarori asosida amalga oshiriladi.
Bir davlat OTMdan boshqa davlat OTMga o‘qishni ko‘chirish faqat quyidagi ikki holatda mumkin:
- talaba oila qurgan bo‘lsa va turmush o‘rtog‘ining doimiy yashash hududidagi OTMga ko‘chmoqchi bo‘lsa;
- davlat xizmatchisi xizmat yuzasidan boshqa hududga ko‘chirilganda, uning turmush o‘rtog‘i yoki voyaga yetmagan farzandining o‘qishini o‘sha hududdagi OTMga ko‘chirish zarur bo‘lsa.
Xorijiy OTMlardan davlat oliygohlariga o‘qishni ko‘chirishda talabgor mos va turdosh yo‘nalish bo‘yicha test yoki ijodiy imtihon topshiradi. Belgilangan o‘tish balini to‘play olmaganlarga super-kontrakt asosida o‘qishni davom ettirish imkoniyati beriladi. Mos va turdosh bo‘lmagan yo‘nalishlarga esa o‘qishni ko‘chirishga ruxsat berilmaydi.
2026-yilgi xorijiy va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlaridan oʻqishni koʻchirish boʻyicha maxsus sinovlarning oʻtish ballari
Muhim: test sinovlaridan so‘ng talabaning hujjatlari qayta tekshiriladi. Soxta hujjatlar aniqlansa, imtihon natijalari bekor qilinadi hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilinadi.
O‘zbekistondagi xorijiy va nodavlat OTMlardan davlat OTMlariga o‘qishni ko‘chirishda ham mos va turdosh yo‘nalishlar uchun test yoki ijodiy imtihon topshiriladi. Mos va turdosh bo‘lmagan yo‘nalishlarga esa bir martalik super-kontrakt to‘lash orqali imtihonsiz ko‘chirish mumkin.
Joriy yilgi turdosh yo‘nalishlar ro‘yxati
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 30-iyundagi 403-son qaroriga ko‘ra, nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari talabalarining oʻqishini koʻchirib oʻtkazish (mahalliy va xorijiy), qayta tiklash va oʻqishdan chetlashtirish hamda bitiruvchilarni yakuniy attestatsiyadan oʻtkazish davlat oliy taʼlim tashkilotlari uchun belgilangan talablar asosida amalga oshiriladi. Ya’ni:
- davlat oliygohidan nodavlat oliygohga o‘qishni ko‘chirishda ham ikki asos (oila qurish yoki davlat xizmatchisining xizmat joyi o‘zgarishi) talab etiladi;
- nodavlat OTMdan boshqa nodavlat OTMga o‘tishda ham ayni shu talablar amal qiladi;
- xorijdagi OTMdan nodavlat OTMga test sinovlari asosida o‘qishni ko‘chirish mumkin bo‘ladi.
Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyevning yozishicha, mas’ullar ushbu tartibning ayrim bandlarini soddalashtirish bo‘yicha o‘zgartirishlar tayyorlanayotganini ma’lum qilgan.
Kutilayotgan yengilliklar:
Davlat oliygohdan nodavlatga — bunda mustaqillik beriladi va nodavlat oliygohlar qaysi hollarda davlat oliygohida o‘qiyotgan talabani o‘ziga qabul qilishi mumkinligini o‘zi belgilaydi;
Nodavlat oliygohdan nodavlatga — bunda ham mustaqillik beriladi va nodavlat oliygohlar qaysi hollarda boshqa nodavlat oliygohida o‘qiyotgan talabani o‘ziga qabul qilishi mumkinligini o‘zi belgilaydi;
Xorijdan nodavlat oliygohga — xuddi xorijdan davlat oliygohiga bo‘lgani kabi test imtihoni saqlanib qoladi, ammo o‘tish bali aynan davlatniki bilan bir xil bo‘lmaydi. Yo‘nalishlar kesimida o‘tish ballarini nodavlat oliygohlarning o‘zi belgilaydi, faqat asosiy sharti 56,7 balldan kam bo‘lmasligi kerak.
Bir davlat OTM ichida bir yo‘nalish yoki fakultetdan boshqa yo‘nalish yoki fakultetga o‘qishni ko‘chirish, ta’lim shaklini va tilni o‘zgartirish
Davlat OTMlari doirasida bir yo‘nalish yoki fakultetdan boshqasiga o‘qishni ko‘chirish, shuningdek ta’lim shakli yoki ta’lim tilini o‘zgartirish masalalari oliy ta’lim muassasasi rahbariyati tomonidan ko‘rib chiqiladi. Bunda ko‘chirilayotgan yo‘nalishning mos va turdoshligi, ko‘chirilish sababi, OTM imkoniyatlari va boshqa faktorlar inobatga olinishi mumkin.
Joriy yilda o‘qishni ko‘chirish jarayonida test natijalarida milliy va xalqaro sertifikatlar ham inobatga olinadi.
- transfer.edu.uz — respublikaning bir davlat oliygohidan boshqa davlat oliygohiga yoki bir OTM ichida o‘qishni ko‘chirish uchun;
- my.uzbmb.uz— xorijiy va nodavlat oliy ta’lim muassasalaridan davlat OTMlariga o‘qishni ko‘chirish uchun.
Eslatib o‘tamiz, o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha arizalar 15-iyuldan 5-avgustga qadar qabul qilinadi.
Avvalroq, o‘qishni ko‘chirish imtihoni natijalari e’lon qilinish vaqti haqida ma’lumot berilgandi.
