O‘qishni ko‘chirish imtihoni natijalari qachon e’lon qilinadi?

O‘qishni ko‘chirish imtihoni natijalari qachon e’lon qilinadi?

O‘qishni ko‘chirish bo‘yicha imtihon topshirgan talabgorlar natijalarni barcha kasbiy (ijodiy) imtihonlar to‘liq yakunlanganidan so‘ng 7 kun ichida bilib oladi. Elektron natijalar varaqasida to‘plangan ball, o‘tish bali va yakuniy xulosa aks ettiriladi.

 

Xabar berganimizdek, 15-iyuldan davlat oliy ta’lim tashkilotlariga oʻqishni koʻchirish va tiklash boʻyicha arizalar qabuli boshlandi.

 

Arizalar qabulidan keyin, oliy ta’lim muassasalariga o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha imtihonlar o‘tkaziladi. Kasbiy (ijodiy) imtihonlar to‘liq yakunlangach, Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan rasmiy natijalar shakllantiriladi.

 

Amaldagi tartibga ko‘ra, natijalar barcha imtihonlar to‘liq tugagan kundan boshlab 7 kun (bir hafta) ichida e’lon qilinishi shart.

 

Nomzodlar natijalarni elektron shaklda olishlari mumkin. Elektron natijalar varaqasida quyidagi ma’lumotlar aks etadi:

 

– talabgorning shaxsiy ma’lumotlari;

 

– o‘qishini ko‘chirish rejalashtirilgan oliy ta’lim muassasasi va ta’lim yo‘nalishi;

 

– imtihonda to‘plangan ball;

 

– o‘qishni ko‘chirish uchun belgilangan o‘tish bali;

 

– talab bajarilgani yoki bajarilmagani, ya’ni o‘qishga o‘tkazilgani yoki rad etilgani haqidagi yakuniy xulosa.

 

 

O‘qishni ko‘chirish imtihoni natijalari qachon e’lon qilinadi?

Shuningdek, natijalar varaqasi QR-kod bilan himoyalangan bo‘lib, u to‘liq yuridik kuchga ega rasmiy elektron hujjat hisoblanadi.

 

Eslatib o‘tamiz, Prezidentining “Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar tizimini takomillashtirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2026-yil 10-apreldagi PF–58-son Farmoniga muvofiq, bir davlat oliygohidan boshqasiga talabalarning oʻqishini koʻchirish toʻgʻrisidagi arizalarni koʻrib chiqish va oʻqishini koʻchirish maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida tavsiya berish jarayoni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan amalga oshiriladi

 

Avvalroq, o‘qishni ko‘chirish va tiklash bo‘yicha turdosh yo‘nalishlar ro‘yxati tasdiqlangani haqida xabar bergan edik.