Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanidagi maktablardan birining 10-sinf o‘quvchisi Aminov Javlonbek Ixtiyor o‘g‘li matematika, ingliz tili, tarix hamda ona tili va adabiyot fanlaridan milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritdi. Maktabda barcha fanlardan “5” bahoga o‘qiyotgan o‘quvchi kelajakda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida tahsil olishni maqsad qilgan. U muvaffaqiyat siri sifatida vaqtni to‘g‘ri rejalashtirish va muntazam mehnatni ko‘rsatmoqda.
Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanidagi maktablardan birining 10-sinf o‘quvchisi Aminov Javlonbek Ixtiyor o‘g‘li bir nechta fanlardan sertifikatlar olishni uddaladi. U matematika, ingliz tili, tarix hamda ona tili va adabiyot fanlaridan milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritgan. Bundan tashqari, uning shahodatnomasidagi barcha baholari ham “5”.
Kelajakdagi rejalari ham aniq. Javlonbek oliy ta’limni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining “Jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar” yo‘nalishida davom ettirishni maqsad qilgan.
O‘quvchining aytishicha, milliy sertifikat olish fikri unda 9-sinfda o‘qib yurgan paytda shakllangan. Shundan so‘ng u o‘z oldiga aniq maqsad qo‘yib, har bir fan bo‘yicha alohida tayyorgarlik rejasini tuzgan.
Natijada matematika faniga bir yarim yil, ingliz tiliga 7 oy, tarix faniga 1 oy, ona tili va adabiyot faniga esa 15 kun davomida puxta tayyorlanib o‘z maqsadi sari yaqinlashgan.
Tayyorgarlik jarayonida asosan repetitorlar tayyorlagan o‘quv materiallari va manbalardan foydalangan.
Muvaffaqiyat siri — vaqtni to‘g‘ri taqsimlash
Yosh o‘quvchining ta’kidlashicha, yuqori natijaga erishishda eng katta yordam bergan omil kun tartibini to‘g‘ri tashkil qilish bo‘lgan.
U fanlarga ajratiladigan vaqtni oldindan rejalashtirgan va belgilangan rejadan chetga chiqmaslikka harakat qilgan. Aynan shu usul barcha fanlarni birdek yuqori darajada o‘zlashtirishiga yordam bergan.
Vaqtni to‘g‘ri taqsimlash menga eng katta foyda berdi. Har bir fan uchun alohida vaqt ajratishga harakat qilardim, — deydi u.
Yuqori natijalar ortida katta mehnat ham bor.
Javlonbekning aytishicha, maktabdagi uy vazifalari ko‘pligi sababli ayrim kunlari tungi soat 02:00 gacha dars qilishiga to‘g‘ri kelgan. Shu sababli uyqu uchun ajratadigan vaqti ham ancha qisqargan. Shunga qaramay, u maqsadidan voz kechmagan.

“Ota-onamning ishonchi menga kuch bergan”
Har qanday tayyorgarlik jarayonida qiyinchiliklar bo‘lishi tabiiy. Bunday paytlarda esa unga eng katta motivatsiyani ota-onasining ishonchi bergan.
Uning fikricha, test sinovlarida yuqori natija ko‘rsatish uchun eng avvalo ikki jihat muhim. Birinchisi — vaqtni to‘g‘ri taqsimlash, ikkinchisi esa har bir savolni eng oson va eng tez usulda yechishni o‘rganish.
O‘quvchining aytishicha, tarix va boshqa fanlar bo‘yicha tushgan savollar tayyorgarlik ko‘rgan manbalarga yaqin bo‘lgani, matematikada esa puxta tayyorgarlik ko‘rgani yuqori natija qayd etishiga yordam bergan.
“Qishloq maktablarida ham iqtidorli yoshlar ko‘p”
Javlonbekning ta’kidlashicha, qishloq maktablarida ham juda ko‘p iqtidorli yoshlar bor. Faqat ularning salohiyatini yuzaga chiqarish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish zarur.
Menimcha, oddiy maktablarda ham ixtisoslashtirilgan sinflar tashkil etilsa, ko‘plab yoshlar o‘z salohiyatini namoyon qila oladi, — deydi u.
Bugungi kunda Javlonbek erishgan natijalari bilan to‘xtab qolmoqchi emas. Hozirda u SAT sertifikatini qo‘lga kiritish uchun maxsus kurslarda tahsil olmoqda. Shu bilan birga, o‘quv markazida ustoz sifatida ham faoliyat yuritmoqda.
Javlonbekni o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!
Avvalroq, muddatidan oldin 189 ball to‘plagan farg‘onalik abituriyent Abrorjon Rahmonov bilan suhbatlashgan edik.
