Guliston shahridagi 12-sonli umumtaʼlim maktabi bitiruvchisi Sadullayeva Madinabonu Baxtiyor qizi barcha 5 fandan milliy sertifikatni qoʻlga kiritib, oliy taʼlim muassasasiga muddatidan oldin talabalikka tavsiya etildi. Talimxabarlari.uz bilan suhbatda u muvaffaqiyatga erishish yoʻli, tayyorgarlik jarayoni va tengdoshlariga tavsiyalari haqida soʻzlab berdi.
Madinabonu Toshkent davlat tibbiyot universitetining Davolash fakultetida tahsil olishni rejalashtirmoqda. Uning aytishicha, milliy sertifikatlarni olish gʻoyasi 10-sinfga oʻtganidayoq paydo boʻlgan.
“10-sinfga oʻtganimda maktabni bitirgunga qadar qaysi fanlardan, qachon va qanday ketma-ketlikda sertifikat olishimni rejalashtirib chiqqandim. Oʻzim uchun aniq muddatlar belgilab olganman”, — deydi u.
“Yozish mening asosiy qurolim edi”
Madinabonu oʻzining oʻqish uslubini oldindan tahlil qilgan. Uning fikricha, bir vaqtning oʻzida bir nechta fanga emas, aynan bitta fanga chuqur eʼtibor qaratish yuqori natija beradi.
Shu sababli u avval kimyo faniga kirishgan va unga 1,5-yil tayyorlangan. Keyinchalik ona tili va adabiyotga 1,5 oy, biologiyaga 9 oy, matematikaga 2,5 oy, tarix faniga esa 3 oy vaqt ajratgan.
Kimyo, biologiya, tarix hamda ona tili fanlaridan repetitor bilan shugʻullangan boʻlsa, matematikani onlayn kurs orqali mustaqil oʻrgangan. Barcha fanlar boʻyicha esa qoʻshimcha ravishda mustaqil tayyorgarlikni ham muntazam davom ettirgan.
Bitiruvchi dars qilishda bir nechta samarali usullardan foydalanganini aytadi.
“Pomodoro usulidan charchamasdan, lekin samarali ishlash uchun foydalandim. Feynman usuli esa mavzularni chuqurroq tushunishga yordam berdi. Eng asosiy usulim esa yozish edi. Har bir mavzuni sodda qilib konspekt qilardim. Bu miyamdagi tartibsizlikni kamaytirib, bilimlarni tizimlashtirishga yordam berardi” — deydi abituriyent.
Shuningdek, u devoriy jadvallar tayyorlash orqali mavzularni doimiy koʻz oldida saqlashga harakat qilgan.
“Eng qiyin yoʻlni tanlaganim uchun testlar qiyin tuyulmadi”
Madinabonuning aytishicha, sertifikat sinovlaridagi savollar u kutganchalik murakkab boʻlmagan.
“Tayyorgarlik jarayonini imkon qadar murakkablashtirar, eng qiyin masalalarni ishlardim. Shu sababli imtihondagi savollar menga qiyinchilik tugʻdirmadi” — deydi u.
Maktab darslari va sertifikat tayyorgarligini birgalikda olib borish dastlab qiyinchilik tugʻdirgan.
Ammo u vaqtni toʻgʻri taqsimlash orqali bunga yechim topgan.
“Maktabdagi tanaffuslarda uy vazifalarimni bajarib qoʻyardim. Har bir daqiqadan unumli foydalanishga harakat qilganman” — deydi oʻquvchi qiz.
Qizigʻi shundaki, tayyorgarlik uning uyqu rejimini buzmagan.
Madinabonu har kuni 22:00 dan 04:00 gacha uxlagan, tushlik vaqtida esa yarim soat dam olgan. Uning aytishicha, bu rejim kun davomida charchamaslikka yordam bergan.
“Shaxsiy psixologim oʻzim edim”
Bitiruvchi tayyorgarlik davomida tushkunlikka tushgan paytlarda oʻzini oʻzi ruhlantirishga harakat qilganini aytadi.
“Shaxsiy psixologim oʻzim edim. Har bir qiyinchilik meni tushkunlikka tushirish oʻrniga, aksincha yanada kuchliroq ishlashga undardi. Koʻpchilik uchun mashaqqatli boʻlgan oʻqish jarayoni men uchun eng zavqli davr edi” — deydi Madinabonu.
Madinabonu testda yuqori natija koʻrsatishning eng muhim sirlaridan biri sifatida tayyorgarlik davrida koʻproq xato qilishni koʻrsatadi.
“Bu gʻalati eshitilishi mumkin. Ammo tayyorgarlik vaqtida qilingan har bir xato sizni imtihondagi xatodan saqlaydi. Muhimi, nima uchun xato qilganingizni tushunish va uni takrorlamaslik” — deydi u.
Uning aytishicha, tayyorgarlik davrida shaxsiy telefoni boʻlmagan.
“Buning uchun oilamdan minnatdorman. Boʻsh vaqtimda telefon ishlatish oʻrniga oʻrgangan mavzularim boʻyicha turli boshqotirma va oʻyinlar tuzardim. Bu menga juda katta foyda berdi” — deydi abituriyent.
Tengdoshlarga tavsiya
Madinabonu milliy sertifikat olishni istayotgan abituriyentlarga quyidagi maslahatni beradi.
“Milliy sertifikat olish siz oʻylaganchalik qiyin emas. Maqsadingiz sertifikatning oʻzi emas, oʻrganayotgan faningizni tushunish boʻlsin. Natija albatta keladi” — deydi qahramonimiz.
Uning fikricha, yuqori natija koʻrsatadigan oʻquvchilar sonini koʻpaytirish uchun maktablarda barcha fanlar boshlangʻich sinflardan boshlab sifatli oʻqitilishi zarur.
“Men tanigan 189 ball toʻplagan oʻquvchilarning barchasi maktabda ham yaxshi oʻqigan” — deydi u.
Hozirda Madinabonu ingliz tilini oʻrganmoqda va yangi oʻquv yiliga tayyorgarlik koʻrmoqda. Uning maqsadi Toshkent davlat tibbiyot universitetida tahsil olib, malakali shifokor boʻlishdir.
Avvalroq, qashqadaryolik abituriyent qiz 5 ta fandan milliy sertifikat olib, muddatidan avval talaba bo‘lgani haqida xabar bergan edik.
