Hindiston O‘zbekistondagi tibbiyot OTMlariga o‘qishga kelayotgan talabalarni ogohlantirdi

Hindiston O‘zbekistondagi tibbiyot OTMlariga o‘qishga kelayotgan talabalarni ogohlantirdi

Hindiston hukumati O‘zbekistonda tahsil olayotgan hindistonlik talabalarga Milliy tibbiyot komissiyasi talablariga mos sifatli ta’lim berilishini ta’minlashga e’tibor qaratmoqda. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qildi.

 

Joriy yil 3-noyabr kuni Nyu-Dehlida bo‘lib o‘tgan matbuot brifingida Hindiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Randhir Jaysval hindistonlik talabalar bilan bog‘liq masalalarni hal etish yuzasidan O‘zbekiston bilan muloqot davom etayotganini bildirdi. Shuningdek, Hindistonning Toshkentdagi elchixonasi va Milliy tibbiyot komissiyasi tomonidan talabalar uchun tegishli tavsiyalar e’lon qilinganini qayd etdi.

 

“Hindistonlik talabalar bilan bog‘liq masalalar yuzasidan O‘zbekiston tomoni bilan muloqotni davom ettiryapmiz. Toshkentdagi elchixonamiz, shuningdek, Milliy tibbiyot komissiyasi tomonidan e’lon qilingan tavsiyalar bilan tanishgan bo‘lsangiz kerak. Komissiya nafaqat O‘zbekistonda, balki boshqa bir qator davlatlarda tahsil olishni istagan talabalar uchun ham muayyan ko‘rsatmalar va tavsiyalar bergan. Ushbu tavsiyalar bilan tanishib chiqishingizni so‘rayman”, — degan u.

 

Vazirlik matbuot kotibi Randhir Jaysval Hindiston hukumati O‘zbekistonga ta’lim olish, jumladan, tibbiyot yo‘nalishida tahsil olish uchun kelayotgan talabalar sifatli ta’lim olishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratayotganini ta’kidlagan.

 

“Hukumatimiz O‘zbekistonga ta’lim olish, jumladan, tibbiyot yo‘nalishida o‘qish uchun kelayotgan hindistonlik talabalar Hindiston Milliy tibbiyot komissiyasi talablariga muvofiq sifatli ta’lim olishini ta’minlashga intilmoqda. Shuningdek, Hindistonda ham, O‘zbekistonda ham vijdonsiz shaxslar hindistonlik talabalardan foydalanib, ularni aldashiga yo‘l qo‘ymaslik muhim. Aytganimdek, e’lon qilingan tavsiyalar bilan tanishib chiqishingizni so‘rayman. Ular yuz berayotgan jarayonlarning sabablarini yaxshiroq tushunishga yordam beradi”, — deya qo‘shimcha qilgan u.

 

Joriy yil aprel oyida Hindiston Milliy tibbiyot komissiyasi O‘zbekistonda tibbiyot yo‘nalishi bo‘yicha bakalavriat ta’limini olishni rejalashtirayotgan hindistonlik talabalar uchun tavsiyalar e’lon qilgan.

 

Komissiya xorijiy davlatlardagi ayrim xususiy tibbiyot oliygohlari belgilangan me’yoriy talablarga javob bermasa-da, hindistonlik talabalar ularga o‘qishga kirishda davom etayotganini qayd etgan. Shu bilan birga, ayrim ta’lim muassasalarida o‘quv dasturlari, ta’lim muddatlari va amaliy tayyorgarlik standartlari Hindistonda belgilangan talablarga mos kelmasligi ta’kidlangan.

 

Komissiya, shuningdek, quyidagi talablardan birortasiga rioya qilmaslik Hindistonda tibbiy faoliyat bilan shug‘ullanish uchun ro‘yxatdan o‘tish huquqini qo‘lga kirita olmaslikka olib kelishi mumkinligini bildirgan:

 

  • ta’lim davomiyligi;
  • ta’lim tili;
  • o‘quv dasturi va uning mazmuni;
  • klinik tayyorgarlik;
  • internatura yoki klinik amaliyotni o‘tash tartibi.

 

Milliy tibbiyot komissiyasi xorijda tibbiy ta’lim olishni istagan talabalarni tegishli ruxsati bo‘lmagan yoki me’yoriy talablarga zid faoliyat yuritayotgan xorijiy tibbiyot oliygohlari va ta’lim dasturlariga o‘qishga kirishdan ogohlantirgan. Talabalarga hujjat topshirishdan oldin ta’lim muassasasini sinchiklab tekshirish tavsiya etilgan.

 

Avvalroq, 2026-yilning yanvar-avgust oylarida qariyb 30 ming nafar chet el fuqarosi o‘qish maqsadida O‘zbekistonga tashrif buyurgani haqida xabar berilgandi.