Jizzax viloyatining Zarbdor tumanida maktabgacha ta’lim tashkiloti mudirasi bo‘lgan ayol qotillik qurboni bo‘ldi. Hodisa yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Jizzax viloyati Zarbdor tumanidagi Yangi hayot mahallasida yashagan F. ismli ayol o‘ldirilgan. Kun.uz xabariga ko‘ra, marhuma maktabgacha ta’lim tashkiloti mudirasi bo‘lib ishlagan va ikki nafar farzandi bo‘lgan.
Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning ma’lum qilishicha, 2026-yil 29-oktabr kuni holat yuzasidan Zarbdor tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, marhumaning turmush o‘rtog‘i qotillikda gumonlanmoqda. U hodisadan keyin 102 raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, voqea haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga o‘zi xabar bergan.
Gumonlanuvchi Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan. Hozirda holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq, Farg‘onadagi uchta bog‘chada bolalar kasallanishi holati aniqlangani haqida xabar bergan edik.
