Boshlangʻich taʼlim oʻqituvchilari uchun milliy sertifikat imtihonlari belgilangan muddatda ochilmadi, agentlik esa holat yuzasidan hech qanday izoh bermadi.
Bilim va malakalarni baholash agentligi joriy yilning 26-avgust kuni 2026-yil ikkinchi yarim yillik uchun milliy sertifikat imtihonlari jadvalini eʼlon qilgan edi.
Unga koʻra, boshlangʻich taʼlim oʻqituvchilari uchun milliy sertifikat imtihonlariga roʻyxatdan oʻtish 22-oktyabrdan 5-noyabrga qadar davom etishi va toʻlov qilishning oxirgi muddati esa 6-noyabrda yakunalishi belgilangan.
Ammo, sentyabr oyida tahririyatimizga bir qancha pedagoglar tomonidan ushbu milliy sertifikat imtihoni uchun roʻyxatdan oʻtish muddatidan oldin ochilgani, ayrim oʻqituvchilar toʻlov qilgan haqida murojaatlar kelib tushdi. Ammo agentlik tomonidan bu haqda rasmiy eʼlon berilmagan, bundan tashqari, vaziyat yuzasidan bergan savollarimizga agentlik javob bermadi.
Xoʻsh, boshlangʻich sinf oʻqituvchilari uchun milliy sertifikat imtihoni uchun roʻyxatdan oʻtish nega vaqtidan avval ochildi?
Bu haqda nega pedagoglar oldindan ogohlantirilmadi, rasmiy maʼlumot berilmadi?
Belgilangan tartibga muvofiq, kecha, 22-oktyabr kuni boshlangʻich sinf oʻqituvchilari uchun milliy sertifikat imtihonlari uchun roʻyxatdan oʻtish boshlanishi kerak edi. Ammo, tahririyatimizga kelib tushgan maʼlumotlarga koʻra, ariza berish ochilmagan.
Holat yuzasidan yana bir necha marta Bilim va malakalarni baholash agentligi masʼullari, xususan, matbuot kotibiga murojaat qildik, ammo barcha savollarimiz ochiq qoldi, hech qanday izoh, maʼlumot berilmadi.
Ushbu material eʼlon qilinguniga qadar jamoatchilikda quyidagi savollar ochiqligicha qolmoqda:
1. Nega boshlangʻich sinf oʻqituvchilari uchun milliy sertifikat imtihonlari uchun ariza berish belgilanmagan vaqtda va muddatidan oldin ochildi?
2. Roʻyxatdan oʻtish jarayoni sentyabrdan ochilgan boʻlsa, nega bu haqda oldinroq xabar berilmadi?
3. Ushbu imtihon uchun umumiy qancha oʻrin ajratilgan?
4. Agentlik eʼlon qilingan jadval boʻyicha 22-oktyabrdan ariza berish ochilishi kerak edi, nimaga haliyam boshlanmadi?
5. Sentyabrda roʻyxatdan oʻtish ochilganligi sababli joylar toʻlib qolgan boʻlsa va bexabar qolgan pedagoglar endi roʻyxatdan oʻta olmaydi. Bunga kim javobgar?
Ma’lumot uchun boshlang’ich sinf o’qituvchilari uchun milliy sertifikat imtihoni Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-iyuldagi 411-son qarori bilan tasdiqlangan va ilk marotaba ushbu imtihon o’tkazilmoqda.
Talimxabarlari.uz masʼullar tomonidan bildiriladigan munosabat izohlarga ochiq.
