2026/2027-o‘quv yilidan boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari uchun milliy sertifikat tizimi joriy etiladi. Malaka imtihonlarida B+ va undan yuqori natija ko‘rsatgan pedagoglarga lavozim maoshiga har oy 15 foiz ustama to‘lanadi.
Vazirlar mahkamasining “Boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilariga milliy sertifikat berish bo‘yicha malaka imtihonlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida» (29.07.2026 № 411) gi qarori tasdiqlandi.
Qarorga ko‘ra, boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilarining bilim darajasi va pedagogik mahoratini aniqlash hamda ularga milliy sertifikat berish bo‘yicha malaka imtihonlari tashkil etiladi.
Malaka imtihonlari elektron shaklda, videokuzatuv ostida o‘tkaziladi. Nomzodlar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali ro‘yxatdan o‘tadi, imtihon sanasi va joyi haqida oldindan xabardor qilinadi. Natijalar esa imtihon yakunlanganidan keyin 21 ish kunidan kechiktirmay e’lon qilinadi. Muvaffaqiyatli topshirganlarga QR-kodli elektron sertifikat beriladi.
Boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilariga malaka imtihoni natijasiga ko‘ra A+, A, B+, B, C+, C darajali elektron sertifikatlar beriladi.
Malaka imtihoni natijalari xalqaro metodika – Rash modeli asosida hisoblanadi. Unga ko‘ra:
- 70 balldan yuqori ball olgan talabgorga A+ darajali;
- 65–69,9 ball olgan talabgorga A darajali;
- 60–64,9 ball olgan talabgorga B+ darajali;
- 55–59,9 ball olgan talabgorga B darajali;
- 50–54,9 ball olgan talabgorga C+ darajali;
- 46–49,9 ball olgan talabgorga C darajali sertifikat beriladi.
2026/2027 o‘quv yilidan boshlab B+ va undan yuqori darajadagi milliy sertifikatga ega bo‘lgan, boshlang‘ich sinflarda dars beruvchi boshlang‘ich ta’lim mutaxassisligiga ega o‘qituvchilarga tegishli ta’lim tiliga mos ravishda barcha fanlar bo‘yicha lavozim maoshiga har oyda 15 foiz miqdorida qo‘shimcha ustama to‘lab boriladi.
>Huquqshunoslik fani bo‘yicha milliy sertifikat tizimi joriy etiladi. Huquqshunoslik fanidan test topshiriqlari umumiy o‘rta ta’lim o‘quv dasturlari, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, qonunlari hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlar asosida shakllantiriladi.
Boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilariga milliy sertifikat berish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish SXEMASI
| Bosqichlar | Mas’ullar | Chora-tadbirlar | Bajarish muddati |
|---|---|---|---|
| 1-bosqich | Talabgor | 1. Test sinovida ishtirok etish uchun YAIDXPda so‘rovnomani to‘ldirish orqali vakolatli organga murojaat qiladi. 2. To‘lovni amalga oshiradi. | O‘z xohishiga ko‘ra. Imtihondan kamida 12 kun oldin. |
| 2-bosqich | Bilim va malakalarni baholash agentligi (Vakolatli organ) | 1. Talabgorlarning malaka imtihoni uchun ro‘yxatga olinishini yakunlaydi. 2. So‘rovnoma rasmiylashtirilgandan so‘ng YAIDXP orqali talabgorga malaka imtihonida ishtirok etish qoidalari to‘g‘risida eslatma beriladi. 3. Talabgorlarga malaka imtihonini o‘tkazish joyi va vaqti to‘g‘risidagi axborotni YAIDXP orqali taqdim etadi. | Imtihon sanasidan 12 kun oldin – ish vaqtining o‘zida. Imtihon sanasidan 3 kun oldin. |
| 3-bosqich | Vakolatli organ | Talabgorlar uchun malaka imtihonini tashkil etadi va o‘tkazadi. | Yil davomida. |
| 4-bosqich | Vakolatli organ | Malaka imtihoni natijalarini YAIDXP orqali e’lon qiladi. | Imtihon yakunlanganidan so‘ng 21 ish kunidan kechikmay. |
| 5-bosqich | Vakolatli organ | Malaka imtihonidan muvaffaqiyatli o‘tgan talabgorlarga QR-kod (matrik shtrixli kod) qo‘yilgan sertifikatning elektron shaklini shakllantiradi va uni o‘z elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlaydi hamda talabgorga YAIDXP orqali yuboradi. | Buyruq kuchga kirganidan boshlab 1 ish kunida. |
