Ta’lim va ilm-fan vaziri Erkinjon Turdimov hududiy bo‘limlar rahbarlari faoliyati o‘rganilib, ish natijalariga qarab kadrlar bo‘yicha xulosalar chiqarilishini bildirdi. Uning aytishicha, ta’lim va tarbiya vazifalarini bajara olmaydigan kadrlar tizimda qolmaydi.
Samarqandda o‘tkazilayotgan xalqaro sammitda Gazeta.uz muxbiri Ta’lim va ilm-fan vaziri Erkinjon Turdimovdan intervyu oldi.
Jurnalist Turdimovga yangi vazirlikda vazir ham o‘rinbosarlari ham yangi kadrlar bo‘lganini eslatib, vazirlikning viloyat va tuman bo‘limlarida ham rahbarlar almashtiriladimi yoki yo‘qmi?, mazmunidagi savolni yo‘llagan.
Erkinjon Turdimov hududiy rahbarlar faoliyati o‘rganilib, kadrlar masalasida tegishli xulosalar chiqarilishi haqida aytib o‘tdi. Uning aytishicha, aravani torta olmaydiganlar safdan tushib qoladi.
«Kadrni almashtirish bilan bir narsa bitmaydi. Biz, albatta, bu narsani tahlil qilamiz. Aravani hamma oʻzi tortishi kerak. Aravani tortolmayotganlar nima boʻladi? Safdan tushib qoladi. Shuning uchun oʻsha kadrlarga nisbatan hamma narsa vaqtga bogʻliq’’, deydi Erkinjon Turdimov.
Shuningdek, vazir o‘qish va tarbiyaga asosiy e’tibor qaratilishi, bu vazifani bajara olmaganlarga tizimda joy yo‘qligi haqida gapirdi.
Hozir men sizning bu savolingizga javob bera olmayman. Chunki javob berishim uchun pastda kim ishlayapti, qanday ishlayapti — hamma narsani bilish kerak. Albatta, men yuqorida sizning savolingizga javob berib oʻtdim. Biz tarbiyaga javob berishimiz kerak. Tarbiyaga, oʻqishga javob beradigan boʻlsak, buni kim qiladi? Kadrlar qiladi. Tortolmagan kadr, albatta, bizning oramizda boʻlmaydi», deydi u.
Ma’lumot uchun Prezident qaroriga asosan, Ta’lim va ilm-fan vaziriga xodimlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri suhbat asosida ishga qabul qilish vakolati berildi.
