Yangi Toshkentda xususiy bog‘cha, maktab va shifoxonalar qurish uchun infratuzilma to‘lovi 1 foiz etib belgilanadi. Bu orqali ijtimoiy soha obyektlarini barpo etishni rag‘batlantirish ko‘zda tutilgan.
Yangi Toshkent qurilishini jadallashtirish masalalari yuzasidan ochiq muloqotda Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentda xizmat ko‘rsatish va ijtimoiy obyektlar qurilishini rag‘batlantirish maqsadida infratuzilma to‘lovlari qayta ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi.
Yangi tartibga ko‘ra, savdo, servis va biznes markazlari uchun infratuzilma to‘lovlari 3 barobar, mehmonxona va turizm obyektlari uchun 5 barobar, madaniy hamda ko‘ngilochar maskanlar uchun 10 barobar kamaytiriladi.
Xususiy bog‘cha, maktab va shifoxonalar uchun to‘lov 1 foiz etib belgilanadi. Ushbu tartib qurilishi boshlangan loyihalarga ham tatbiq etiladi.
Shuningdek, dunyoning yetakchi arxitektorlari ishlab chiqqan o‘ziga xos loyihalarni amalga oshirishda tezkor tartib joriy etiladi. Loyihalash, qurilish va obyektlarni foydalanishga qabul qilish jarayonlari jadallashtirilib, bir xil ma’lumotlarni qayta-qayta talab qilish amaliyotiga chek qo‘yiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Yangi Toshkent qurilishiga 2 milliard dollardan ortiq investitsiya kiritilganini ma’lum qilgan edi. Ushbu pullar infratuzilma, stadion, universitet va kutubxona kabi muhim obyektlarni barpo etishga yo‘naltirilgan.
