Joriy yilning 9-13-dekabr kunlari oliygohlar talabalari oʻrtasida Abu Rayhon Beruniy nomidagi xalqaro olimpiada tashkil etiladi. Gʻoliblar mutaxassisliklar boʻyicha magistraturaga davlat granti asosida, imtihonlarsiz qabul qilinadi.
Oliy taʼlim tashkilotlari talabalari oʻrtasida biologiya fani boʻyicha Abu Rayhon Beruniy nomidagi xalqaro olimpiada — Abu Rayhan Biruni International Biology Olympiad (ABIBO) tashkil etilmoqda. Bu haqda Taʼlim va ilm-fan vazirligi xabar berdi.
Hukumatning 2026-yil 17-sentyabrdagi 499-son qarori bilan “Oliy taʼlim tashkilotlari talabalari oʻrtasida fan olimpiadalarini tashkil etish va iqtidorli talabalarni qoʻllab-quvvatlash tartibi toʻgʻrisida”gi nizom tasdiqlandi.
Nizomda oliy taʼlim tashkilotlari talabalari oʻrtasida fan olimpiadalarini tashkil etishning yangi tartibi belgilangan.
Olimpiadalar uchun nazorat materiallarini ishlab chiqish, iqtidorli talabalar zaxirasini shakllantirish hamda tashkiliy jarayonlarni muvofiqlashtirish vazirlik huzuridagi Oliy taʼlimni rivojlantirish va global hamkorlik markazi tomonidan amalga oshiriladi.
Nizomga koʻra, Oʻzbekiston talabalari ishtirok etishi lozim boʻlgan nufuzli xalqaro olimpiadalar roʻyxati vazirlik tomonidan tasdiqlanadi va har yili yangilanadi. Xalqaro olimpiadalarda ishtirok etish uchun terma jamoalarni saralash, maqsadli tayyorlash va ularning ishtirokini taʼminlash alohida reglament asosida amalga oshiriladi.
Gʻoliblar quyidagi tartibda ragʻbatlantiriladi:
Respublika fan olimpiadalari:
1-oʻrin — talabaga 50 BHM, ustoziga 25 BHM;
2-oʻrin — talabaga 40 BHM, ustoziga 20 BHM;
3-oʻrin — talabaga 30 BHM, ustoziga 15 BHM miqdorida bir martalik pul mukofoti.
Xalqaro olimpiadalar:
1-oʻrin — talabaga 100 BHM, ustoziga 50 BHM;
2-oʻrin — talabaga 75 BHM, ustoziga 40 BHM;
3-oʻrin — talabaga 50 BHM, ustoziga 30 BHM miqdorida bir martalik pul mukofoti beriladi.
Shuningdek, xalqaro olimpiada gʻoliblarini tayyorlagan ustozlarga lavozim maoshining 100 foizi, respublika fan olimpiadasining II bosqichi gʻoliblarini tayyorlagan ustozlarga esa 50 foizi miqdorida har oylik ustama toʻlanadi.
Olimpiada gʻolibi boʻlgan Oʻzbekiston talabalari tegishli mutaxassisliklar boʻyicha magistraturaga davlat granti asosida, imtihonlarsiz qabul qilinadi.
Eslatma! Abu Rayhon Beruniy nomidagi Xalqaro olimpiada 2026-yil 9-13-dekabr kunlari Samarqand shahrida oʻtkaziladi.
Muhim! O’zbekistonlik yoshlar Koreyada o’tkazilgan xalqaro robototexnika musobaqasida oltin medalni qo’lga kiritib, jahon chempioni bo’ldi.
