Namangan va Buxoro shaharlarida mehmonxona menejmentiga ixtisoslashgan markazlar tashkil etilib, ularda turizm sohasi uchun malakali mutaxassislar tayyorlanadi.
Avstriyaning ‘‘IMC Krems’’ amaliy fanlar universiteti va O‘zbekiston Kasbiy ta’lim agentligi o‘rtasida ta’lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishuv imzolandi.
Kelishuvga muvofiq, Namangan va Buxoro shaharlarida mehmonxona menejmentiga ixtisoslashgan ikkita kasbiy ta’lim markazi tashkil etiladi. Markazlar turizm sohasi uchun malakali mutaxassislar va o‘qituvchilar tayyorlash, shuningdek, kasbiy ta’lim sifatini xalqaro standartlar asosida oshirishga xizmat qiladi.
Ta’lim jarayonida amaliy mashg‘ulotlarga alohida e’tibor qaratiladi. O‘quv dasturlarining kamida 60 foizi amaliy darslardan iborat bo‘ladi. Markazlar qoshidagi o‘quv mehmonxonalarida talabalar mehmonlarni kutib olish, mehmonxona faoliyatini boshqarish va restoran xizmati bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni egallaydi.
Bundan tashqari, mahalliy o‘qituvchilarni “Train-the-Trainer” — trenerlarni tayyorlash modeli asosida o‘qitish va sertifikatlash rejalashtirilgan. Bu Avstriya tajribasini O‘zbekiston kasbiy ta’lim tizimiga joriy etishga yordam beradi.
Qayd etilishicha, “IMC Krems” universiteti O‘zbekiston bilan avvaldan ham hamkorlik qilib keladi. Xususan, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti bilan amalga oshirilayotgan ta’lim dasturlarida 200 nafardan ortiq talaba Avstriya universiteti standartlari asosida tahsil olmoqda.
Loyiha O‘zbekistonda turizm sohasi uchun raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, kasbiy ta’lim sifatini yaxshilash va bitiruvchilarning ish bilan ta’minlanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
