16-oktyabrdan boshlab O‘zbekiston ichidagi aviaqatnovlar uchun chiptalar narxi o‘rtacha 20 foizgacha pasaytirildi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi ma’lum qildi.
Raqobat qo‘mitasi O‘zbekiston ichki aviaqatnovlari bo‘yicha tariflar, narxlarning shakllanishi va xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini o‘rgandi. O‘rganishlar davomida aviaqatnovlar bilan bog‘liq xarajatlarni maqbullashtirish imkoniyatlari ham tahlil qilindi.
Qo‘mita tomonidan tashish xarajatlarini optimallashtirish orqali ichki yo‘nalishlarda aviachiptalar narxini pasaytirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Ushbu takliflar qo‘llab-quvvatlangach, Raqobat qo‘mitasi “Uzbekistan Airways” AJ bilan hamkorlikda ichki aviaqatnovlar tariflarini qayta ko‘rib chiqdi. Natijada 2026-yil 16-oktyabrdan ichki yo‘nalishlarda aviachiptalar narxi o‘rtacha 20 foizgacha arzonlashtirildi.
Mazkur chora-tadbirlar aholiga aviaqatnovlardan qulayroq va hamyonboproq foydalanish imkonini yaratish, ichki turizmni rivojlantirish, hududlar o‘rtasidagi qatnovlarni kengaytirish hamda xizmat safarlari va shaxsiy tashriflarni rejalashtirishda qo‘shimcha qulaylik yaratishga qaratilgan.
Raqobat qo‘mitasi aholi manfaatlariga daxldor bozorlarni o‘rganish va aniqlangan muammolar bo‘yicha amaliy choralar ko‘rish ishlarini davom ettirishini ma’lum qildi.
