O‘zbekistonda innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarish, startap loyihalarni moliyalashtirish va ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishga ko‘maklashuvchi innovatsiya va startaplar parklari tashkil etiladi.
Vazirlar Mahkamasining joriy yil 9-oktyabr 553-son qaroriga ko‘ra, O‘zbekistonda innovatsiya va startap loyihalar parklarini tashkil etish hamda ularning faoliyatini yo‘lga qo‘yish tartibi belgilandi.
Qarorga ko‘ra, mazkur parklar hududlarda innovatsion faoliyatni rivojlantirish, yangi qulay shart-sharoitlar yaratish, innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish maqsadida tashkil etiladi.
Parklarda tadbirkorlik subyektlariga mahsulot ishlab chiqarish, moliyaviy, huquqiy, marketing va boshqa xizmatlarni ko‘rsatish, biznes-inkubator hamda akselerator dasturlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, innovatsion mahsulotlarni sertifikatlash va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, intellektual mulkni huquqiy himoya qilish, litsenziyalash, franchayzing va texnologiyalar transferi bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatiladi. Parklar mahalliy va xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikni rivojlantirish, yangi texnologiyalarni joriy etish va xalqaro bozorlarga chiqishga ham yordam beradi.
Innovatsiya va startaplar parklarini tashkil etish hamda ularning faoliyatini muvofiqlashtirish Ta’lim va ilm-fan vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan amalga oshiriladi. Parklar agentlik direktorining buyrug‘i bilan tashkil etiladi, ularning direktorlari esa tegishli tuman yoki shahar hokimlarining tavsiyasiga asosan tayinlanadi.
Shuningdek, parklar uchun zarur bino va infratuzilma mahalliy hokimliklar tomonidan ajratiladi. Xususan, Sirdaryo viloyatining Sirdaryo tumanidagi sobiq mexanizatsiyalashgan texnika saroyining 1,2 gektar yer maydonida innovatsiyalar parkini joylashtirish belgilangan.
Parklarda tadbirkorlik subyektlari tanlov asosida joylashtiriladi. Ular bilan dastlab uch yilgacha ijara shartnomasi tuziladi. Muddat yakunlangach, tadbirkorning faoliyati va erishgan natijalari baholanib, ijara muddati uzaytirilishi mumkin.
Innovatsiya va startap loyihalar parklarining faoliyati mahalliy budjet, Innovatsion rivojlanish agentligi mablag‘lari, xalqaro moliya institutlari va donor tashkilotlarning grantlari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
Avvalroq, muhokamalar portaliga Prezidentning “Innovatsion faoliyatda startap loyihalarini tanlash, saralash va moliyalashtirish tizimlarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaror loyihasi joylashtirilgani haqida xabar berilgandi.
