Muhokamalar portaliga startap loyihalarini tanlash, saralash va moliyalashtirish tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan qaror loyihasi joylashtirildi. Unga ko‘ra, muvaffaqiyatli deb topilgan startaplarni rivojlantirish uchun TRL 7–9 bosqichida bazaviy hisoblash miqdorining 4 500 baravarigacha mablag‘ ajratilishi taklif qilinmoqda.
Muhokamalar portaliga Prezidentning “Innovatsion faoliyatda startap loyihalarini tanlash, saralash va moliyalashtirish tizimlarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaror loyihasi joylashtirildi.
Loyihaga ko‘ra, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi startap loyihalari bo‘yicha takliflarni qabul qiladi va ularni inkubatsiya yoki akseleratsiya dasturlaridan o‘tkazish boʻyicha takliflarni ochiq tanlovga qo‘yadi.
Startap loyihalarini mazkur dasturlardan o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan qoplanadi.
Shuningdek, dasturlar boʻyicha takliflar saralanib, ularning tegishli hujjatlari Maxsus platformaga joylashtiradi hamda Reyestrga kiritiladi. Bunda Reyestrga kiritilgan dastur tashkilotlarining reyting baholash tizimi yoʻlga qoʻyiladi.
Reyestrga kiritishda tashkilotlarda xorijiy mentorlarning mavjudligi, kamida 5 ta startap loyihasini dasturdan o‘tkazganligi hamda zarur moddiy-texnika bazasiga ega ekani hisobga olinadi.
Reytingi yuqori bo‘lgan dastur tashkilotlari tanlovlarda ustunlikka ega bo‘ladi. Ularning faoliyati startaplarni moliyalashtirishga yetkazish, loyihalarga jalb qilingan mablag‘lar hajmi va yangi tashkil etilgan korxonalar soni kabi mezonlar asosida baholanadi.
Dastur tashkilotlari Maxsus platformadan oʻzining ixtisoslashuviga qarab startap loyihalarini tanlab oladi.
Loyihada startaplarni xalqaro texnologik tayyorgarlik darajasi — TRL (Technology readiness levels) asosida saralash va moliyalashtirish taklif etilmoqda.
Har bir startap loyihani tayyorlash va qoʻllab-quvvatlash uchun dastur tashkilotlariga quyidagi miqdorida Jamgʻarma hisobidan mablagʻ ajratiladi:
- TRL tizimining 1-3 bosqich – bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravarigacha miqdorda;
- TRL tizimining 4-6 bosqich – bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarigacha miqdorda;
- TRL tizimining 7-9 bosqich – bazaviy hisoblash miqdorining 70 baravarigacha miqdorda moliyalashtiriladi.
Dasturlarni muvaffaqiyatli yakunlagan loyihalar ekspertlar guruhi tomonidan baholanib, moliyalashtirishga tavsiya etiladi. Bunday startaplar maxsus sertifikat bilan taqdirlanadi.
Yakuniy natijasiga koʻra muvaffaqiyatli deb topilgan taqdirda Jamgʻarma hisobidan:
- TRL tizimining 4-6 bosqich (dastlabki tadqiqot, komponentlarni tanlash, prototip yaratish va uni sinash) bazaviy hisoblash miqdorining 485 baravarigacha miqdorda;
- TRL tizimining 7-9 bosqich (joriy etishga tayyorlash va startap loyihani ishga tushirish) bazaviy hisoblash miqdorining 4 500 baravarigacha miqdorda moliyalashtiriladi. Bunda, startap loyihalar tashabbuskori tomonidan xususiy mablagʻlar jalb qilingan taqdirda byudjet mablagʻlari ajratilishiga ruxsat beriladi.
Maxsus platformada startap loyihalarini moliyalashtirish manbalarini kengaytirishga xizmat qiladigan kraudfanding mexanizmlar joriy etiladi.
Bundan tashqari, real iqtisodiyot muammolariga innovatsion yechimlarni joriy etish hamda ilm-fan va sanoat integratsiyasini kuchaytirish maqsadida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Innovatsiya va sanoat integratsiyasi kengashini tashkil etish taklif etilmoqda.
Avvalroq, Samarqand davlat tibbiyot universitetida Stomatologiya klinik markazi tashkil etilishi taklif qilinayotgani haqida xabar berilgandi.
