Guliston davlat pedagogika instituti rektori Jahongir Qarshiboyev lavozimidan ozod etilganligi aytilmoqda. U 2023-yildan buyon mazkur institut rektori sifatida faoliyat yuritib kelayotgan edi.
Guliston davlat pedagogika instituti rektori Qarshiboyev Jahongir Hazratqulovich lavozimidan ozod etilganligi aytilmoqda. Ayni damda institutning rasmiy saytida rektor lavozimi “vakant” sifatida koʻrsatilmoqda.
Jahongir Qarshiboyev 1980-yilda tug‘ilgan bo‘lib, biologiya fanlari doktori, dotsent hisoblanadi.
U Guliston davlat pedagogika institutiga rahbarlik qilishidan avval Guliston davlat universitetida o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor hamda boshqa mas’ul lavozimlarda faoliyat yuritgan.
Shu bilan bugun O‘zbekistondagi to‘rtta oliy ta’lim muassasasi rahbari lavozimidan ozod etilgani ma’lum bo‘ldi. Avvalroq quyidagi rektorlar lavozimidan ozod etilgani haqida xabar berilgan edi:
— O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilhomjon To‘xtasinov;
— Samarqand davlat chet tillar instituti rektori Bahodir Xoliqov;
— Navoiy davlat universiteti rektori Muxiddin Kalonov.
Eslatib o‘tamiz, 6-noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Ta’lim va ilm-fan vaziri Erkinjon Turdimov raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda beshta OTM rektori lavozimidan ozod etilgani haqida xabarlar tarqalgandi. Vazir keyinchalik bu xabarlarni rad etib, yig‘ilishda to‘rt nafar rektorga jiddiy ogohlantirish berilganini bildirgan edi.
