Samarqand davlat chet tillar instituti rektori Xoliqov Bahodir Aliqulovich lavozimidan ozod etildi. U 2024-yildan buyon universitet rektori sifatida faoliyat yuritib kelayotgan edi.
Samarqand davlat chet tillar instituti rektori Xoliqov Bahodir Aliqulovich lavozimidan ozod etildi. Ayni damda universitetning rasmiy saytida rektor lavozimi “vakant” sifatida koʻrsatilmoqda.
Xoliqov Samarqand davlat chet tillar institutiga rahbarlik qilishidan avval Vazirlar Mahkamasi Bosh vaziri kotibiyatining Davlat tilini rivojlantirish departamentida faoliyat yuritgan.
Maʼlumot uchun, Xoliqov Bahodir 2011-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetini tamomlagan. Shuningdek, Filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD), dotsent hisoblanadi.
Mehnat faoliyati davomida Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti katta ilmiy xodimi, Oʻzbekiston milliy universiteti oʻqituvchisi, Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti xalqaro aloqalar boʻlimi boshligʻi, universitet Kengashi kotibi, dekan oʻrinbosari, kafedra mudiri, prorektor lavozimlarida ishlagan.
Eslatib oʻtamiz, 6-noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Taʼlim va ilm-fan vaziri Erkinjon Turdimov raisligida oʻtkazilgan yigʻilishda beshta oliy taʼlim muassasasi rektori lavozimidan ozod etilgani haqida xabarlar tarqalgandi. Ular orasida Samarqand davlat chet tillar instituti rektori Bahodir Holiqov ham borligi aytilgan edi.
Biroq Taʼlim va ilm-fan vaziri Erkinjon Turdimov jurnalist Karimberdi Toʻramurod bilan suhbatda besh nafar rektor lavozimidan ozod etilgani haqidagi xabarlarni rad etgan. Vazirning aytishicha, yigʻilishda toʻrt nafar rektorga jiddiy ogohlantirish berilgan.
