2026-yilgi kuzgi attestatsiyada fizika fanidan tushgan testlarning xorijiy adabiyotlardagi masalalarga o‘xshashligi yuzasidan Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi izoh berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda 2026-yilgi kuzgi attestatsiyada fizika fanidan tushgan test topshiriqlarining xorijiy adabiyotlar, xususan, Douglas C. Giancoli muallifligidagi “Physics: Principles with Applications” kitobidagi masalalarga o‘xshashligi muhokamalarga sabab bo‘ldi. Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi mazkur holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
Markaz ma’lum qilishicha, 2026-yilgi kuzgi attestatsiya test topshiriqlari tasdiqlangan fizika fani spetsifikatsiyasi asosida ishlab chiqilgan. Topshiriqlarni shakllantirishda unda belgilangan mavzular, baholanadigan bilim va ko‘nikmalar doirasiga amal qilingan. Shuningdek, pedagoglarning tayyorgarlik ko‘rishi uchun maxsus platformada demo testlar ham e’lon qilingan.
Qayd etilishicha, fizika fanidagi qonuniyatlar va formulalar umumilmiy xususiyatga ega. Shu sababli turli adabiyotlarda bir mavzuga oid masalalarning sharti, chizmasi yoki yechish usulida o‘xshashliklar uchrashi tabiiy. Biroq bu holat topshiriq aynan muayyan manbadan ko‘chirilganini yoki spetsifikatsiya talablaridan chetga chiqilganini anglatmaydi.
Markaz test topshiriqlarini baholashda ularning tasdiqlangan spetsifikatsiyaga muvofiqligi, ilmiy to‘g‘riligi va javoblarining asoslanganligi asosiy mezon hisoblanishini ta’kidladi.
Shu bilan birga, muayyan topshiriqning mazmuni, ilmiy to‘g‘riligi yoki javob kaliti yuzasidan aniq asoslar bilan bildirilgan e’tirozlar belgilangan tartibda ko‘rib chiqilishi ma’lum qilindi.
Avvalroq, matematika fani bo‘yicha attestatsiya test topshiriqlari yuzasidan bildirilgan e’tirozlarga izoh berilgani haqida xabar berilgandi.
Sizda ham attestatsiya imtihonlari yuzasidan qo‘shimcha savollar bo‘lsa, uni @talimxabarlariga_bot orqali bizga yuborishingiz mumkin.
