Buxoro viloyatida 532 nafar pedagog attestatsiya sinovlarida 86 va undan yuqori ball to‘pladi. Shuningdek, mingdan oshiq o‘qituvchi oliy va birinchi malaka toifasiga ega bo‘ldi.
Buxoro viloyatida pedagog kadrlar attestatsiyasining malaka test sinovlari davom etmoqda. 2026-yil 11-noyabr holatiga ko‘ra, 6 ming nafardan ortiq pedagog sinovlarda ishtirok etgan.
Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, attestatsiya natijalariga asosan, 1 060 nafar pedagog 80 va undan yuqori ball to‘plab, malaka toifasini oshirishga muvaffaq bo‘lgan. Ularning 620 nafari oliy, 440 nafari esa birinchi malaka toifasiga ega bo‘lgan.
Shuningdek, 532 nafar pedagog 86 balldan 100 ballgacha natija qayd etgan.
Hududlar kesimida yuqori natija ko‘rsatgan pedagoglar ulushi bo‘yicha Vobkent, Kogon va Peshku tumanlari yetakchilik qilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, pedagoglar attestatsiyasi sinovlari 2026-yil 27-noyabrga qadar davom etadi.
Eslatib o‘tamiz, matematika fani bo‘yicha attestatsiya test topshiriqlari yuzasidan bildirilgan e’tirozlarga izoh berilgani haqida xabar bergan edik.
