O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilhomjon To‘xtasinov lavozimidan ozod etildi. U 2022-yildan buyon universitet rektori sifatida faoliyat yuritib kelayotgan edi.
Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Tuxtasinov Ilxomjon Madaminovich lavozimidan ozod etildi. Universitet rasmiy saytida ham rektor lavozimi vakant turganligini ko‘rish mumkin.
Avvalroq, 6-noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Ta’lim va ilm-fan vaziri Erkinjon Turdimov raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda beshta oliy ta’lim muassasasi rektori lavozimidan ozod etilgani haqida xabarlar tarqalgandi. Ular orasida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilhomjon To‘xtasinov ham borligi aytilgan edi.
Biroq Ta’lim va ilm-fan vaziri Erkinjon Turdimov jurnalist Karimberdi To‘ramurod bilan suhbatda besh nafar rektor lavozimidan ozod etilgani haqidagi xabarlarni rad etgan. Vazirning aytishicha, yig‘ilishda to‘rt nafar rektorga jiddiy ogohlantirish berilgan.
Ma’lumot uchun, Ilhomjon To‘xtasinov 1980-yilda tug‘ilgan, pedagogika fanlari doktori va professor. U O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetiga rahbarlik qilishidan avval Samarqand davlat chet tillari instituti rektori lavozimida faoliyat yuritgan.
To‘xtasinov muallifligida 10 ta darslik, 6 ta monografiya, 84 ta o‘quv va uslubiy qo‘llanma nashr etilgan. Shuningdek, uning muallifligida 19 ta patent va guvohnoma olingan.
Uning rahbarligi davrida Samarqand davlat chet tillari instituti 2023-yilgi “World University Rankings” xalqaro reytingida “reporter” maqomiga ega bo‘lgan. Shuningdek, xalqaro aloqalar bo‘yicha 89 ta xorijiy oliy ta’lim muassasasi bilan hamkorlik shartnomalari imzolangan.
Eslatib o‘tamiz, kuni kecha Buxoro davlat universiteti rektori lavozimidan ozod etilganligi haqida xabar berilgan edi. Hozirda uning vazifasini universitetning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Rustam Jumayev vaqtincha bajarib turibdi.
