Matematika fani o‘qituvchilari uchun o‘tkazilgan attestatsiya test topshiriqlari, ajratilgan vaqt va sinov natijalari yuzasidan bildirilgan e’tirozlarga rasmiy munosabat bildirildi. Markaz test topshiriqlari amaldagi o‘quv dasturi va tasdiqlangan spetsifikatsiya asosida tuzilganini ma’lum qildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda matematika fani bo‘yicha malaka toifasi attestatsiyasida foydalanilgan test topshiriqlari, savollarni bajarish uchun ajratilgan vaqt hamda sinov natijalari yuzasidan turli fikr-mulohazalar bildirildi.
Mazkur murojaatlar yuzasidan Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi izoh berdi.
Markaz 2026-yilgi kuzgi attestatsiya O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentabrdagi 572-son qarori hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2026-yil 29-iyuldagi 277-son buyrug‘i asosida tashkil etilayotganligni ma’lum qilgan.
Matematika fani bo‘yicha test topshiriqlari tasdiqlangan spetsifikatsiya asosida ishlab chiqilgan. Ular asosiy sinovlarda qo‘llanilishidan oldin ikki marotaba aprobatsiyadan o‘tkazilgan. Jarayonda topshiriqlarning mazmuni, murakkablik darajasi hamda ularni bajarish uchun ajratiladigan vaqt me’yorlari ham sinovdan o‘tkazilgan.
Asosiy sinov topshiriqlarining murakkablik darajasi demo testlarda taqdim etilgan namunalar bilan muvofiqligi qayd etilgan. Savollarning ifodalanishi, sonlar yoki masala shartlarida farqlar bo‘lishi mumkin, biroq topshiriqlar tasdiqlangan spetsifikatsiya doirasida shakllantirilgan.
Test topshiriqlari pedagoglarning nazariy bilimlari, bilimlarni amaliy qo‘llash, tahlil qilish va mantiqiy fikrlash ko‘nikmalarini baholashga qaratilgan.
Markaz bildirilayotgan fikr-mulohazalarni o‘rganib borishini, test topshiriqlari yuzasidan asosli e’tirozlar esa belgilangan tartibda ko‘rib chiqilishini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, pedagoglar attestatsiya natijasi yoki test savollaridan norozi bo‘lsa, uch xil usulda apellyatsiya berishi mumkin.
Birinchi usul — test topshirish vaqtida platformadagi tegishli tugma orqali e’tiroz bildirish. Ikkinchi usul — natijalar e’lon qilingach, shaxsiy kabinet orqali murojaat yuborish. Uchinchi usul — qog‘oz shaklida apellyatsiya yuborish.
