Jamoatchilik muhokamasiga Samarqand viloyat stomatologiya poliklinikasini universitetning Stomatologiya klinik markazi sifatida qayta tashkil etish taklif qilinmoqda.
Muhokamalar portaliga “Samarqand davlat tibbiyot universitetining Stomatologiya klinik markazini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaror loyihasi joylashtirildi.
Loyihaga ko‘ra, Sogʻliqni saqlash vazirligining Samarqand shahri, Ozod Sharq koʻchasi, 10-uy manzilda joylashgan Samarqand viloyat stomatologiya poliklinikasini Samarqand davlat tibbiyot universitetining Stomatologiya klinik markazi sifatida qayta tashkil etish taklif etilmoqda.
Klinik markazda xodimlar, professor-o‘qituvchilar va tadqiqotchilarning malakasini oshirish hamda ilmiy salohiyatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Xususan, 2026–2028-yillarda universitet kafedralari vakillari, professor-oʻqituvchilar, tadqiqotchilariga Springer, Elsevier, Web of Science hamda boshqa xalqaro ilmiy-texnik ma’lumotlar bazalaridan erkin foydalanish imkoniyatini yaratish rejalashtirilgan.
Shuningdek, professor-o‘qituvchilar va tadqiqotchilarni xalqaro ilmiy platformalarga ro‘yxatdan o‘tkazish, ma’lumotlar bazalaridan foydalanish bo‘yicha seminar-treninglar tashkil etish hamda xalqaro jurnallarda ilmiy maqolalar chop etish samaradorligini oshirish ko‘zda tutilgan.
Ijobiy taqriz olgan ilmiy maqolalarni chop etgan xodimlarni moddiy rag‘batlantirish ham rejalashtirilmoqda.
Bundan tashqari, markaz xodimlarining Koreya, Turkiya, Germaniya va Rossiyaning yetakchi klinikalarida malaka oshirishi tashkil etiladi. Buning uchun xodimlar ro‘yxati shakllantirilib, reja-grafik asosida malaka oshirish jarayonlari yo‘lga qo‘yilishi belgilangan.
Loyihada o‘quv va davolash jarayoniga xorijiy mutaxassislarni jalb etish, ular ishtirokida masofaviy seminarlar, mahorat darslari, treninglar va vebinarlar o‘tkazish ham nazarda tutilgan.
Shuningdek, universitet professor-o‘qituvchilari va klinik markaz xodimlari tomonidan yangi ishlanmalar yaratish hamda ularni davolash va o‘quv jarayonlariga tatbiq etish rejalashtirilgan.
Avvalroq, Oʻzbekistonda pensiya yoshini bosqichma-bosqich oshirish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.
