Yangi Toshkent qurilishiga 2 milliard dollardan ortiq investitsiya kiritilgan. Prezident xususiy sektor ishtirokini kengaytirish, qurilishdagi to‘siqlarni bartaraf etish va vazirliklar hamda davlat tashkilotlarini yangi shaharga ko‘chirish ishlarini boshlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent qurilishini jadallashtirish masalalari yuzasidan investorlar va tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazmoqda. Uchrashuvda xususiy sektor ishtirokini kengaytirish va investitsiya loyihalarini amalga oshirishdagi to‘siqlarni bartaraf etish masalalari ko‘tarildi.
Davlat rahbarining ta’kidlashicha, uch yil avval boshlangan loyiha doirasida davlat tomonidan infratuzilma, stadion, universitet va kutubxona kabi muhim obyektlarni barpo etishga katta mablag‘ yo‘naltirilmoqda. Hozirga qadar Yangi Toshkent qurilishiga 2 milliard dollardan ortiq investitsiya kiritilgan.
Shu bilan birga, qurilish ishlariga xususiy sektorni jalb etish sur’atlari mavjud imkoniyatlarga mos kelmayotgani qayd etildi.
“Yangi Toshkent faqat yangi uy-joy quriladigan hudud emas”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentning ta’kidlashicha, Yangi Toshkent zamonaviy biznes, ta’lim, tibbiyot, turizm va xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantiradigan mustaqil iqtisodiy markazga aylanishi kerak. Biroq hozirgacha ajratilgan yer maydonlarining uchdan ikki qismi uy-joy loyihalariga to‘g‘ri kelmoqda.
Shuningdek, investorlarga ajratilgan 28 ta lotda qurilish ishlari boshlanmagani ma’lum qilindi. Davlat rahbari bu holatni investorlarning mablag‘i yoki xohishi yo‘qligi bilan izohlash to‘g‘ri emasligini ta’kidladi. Uning aytishicha, eskicha talablar, ruxsat berish jarayonlarining cho‘zilishi va ayrim idoralarning hamkorlik o‘rniga nazoratchi sifatida ish tutishi loyihalarning amalga oshirilishiga to‘sqinlik qilmoqda.
Yig‘ilishda bosh vazir Abdulla Aripovga vazirliklar va davlat tashkilotlarini Yangi Toshkentga ko‘chirish ishlarini boshlash topshirildi.
