Google Gemini’ning bepul versiyasidan foydalanuvchilar 9-oktyabrdan boshlab xizmatning faqat Flash-Lite modelidan foydalana oladi. O‘zgarishlar ayrim pullik tariflarga ham taalluqli bo‘lib, AI Plus obunachilari Pro modelidan foydalanish imkoniyatini yo‘qotadi.
Google kompaniyasi Gemini’ning ilg‘or modellaridan foydalanish imkoniyatlarini bepul foydalanuvchilar hamda ayrim pullik tarif obunachilari uchun qisqartirmoqda.
Kompaniya e’lon qilgan hujjatga ko‘ra, joriy yil 9-oktyabrdan boshlab bepul foydalanuvchilarga faqat bazaviy Flash-Lite modeli taqdim etiladi, kuchliroq Flash va Pro modellaridan foydalanish imkoniyati esa yopiladi.
Shu tariqa, bepul foydalanuvchilar Gemini 3.6 Flash va Gemini 3.1 Pro modellaridan foydalana olmaydi. Ular Google’ning tezkor kundalik vazifalarni bajarish uchun mo‘ljallangan eng yengil va tejamkor modeli — Gemini 3.5 Flash-Lite’dan foydalanishda davom etadi.
Pro modeli esa kod yozish, murakkab masalalarni hal qilish, shuningdek, matnlar, fayllar va tasvirlarni tahlil qilish kabi murakkab vazifalarni bajarishga mo‘ljallangan.
AI Plus obunachilari uchun ham cheklovlar joriy etiladi
O‘zgarishlar “Google AI Plus” o‘rta tarifiga ham taalluqli. Ushbu tarif narxi oyiga 6.22 AQSH dollari, yiliga esa 62 AQSH dollarini tashkil etadi.
AI Plus obunachilari Flash-Lite va Flash modellaridan foydalanishda davom etadi, biroq Pro modelini tanlash imkoniyatidan mahrum bo‘ladi. Ushbu cheklov qachondan kuchga kirishi hozircha ma’lum qilinmagan. Obunachilarga bu haqda elektron pochta orqali xabar yuboriladi.
AI Pro (oyiga 25 AQSH dollari yoki yiliga 246 AQSH dollari) va AI Ultra (oyiga AQSH dollari) tariflariga obuna bo‘lgan foydalanuvchilar esa uchala modeldan ham foydalanish imkoniyatini saqlab qoladi.
Bundan tashqari, AI Pro tarifiga ilgari faqat Ultra obunachilari uchun mavjud bo‘lgan Deep Think rejimi ham qo‘shiladi. Ushbu rejimda model javob tayyorlash uchun ko‘proq vaqt va hisoblash resurslarini sarflaydi hamda masalani hal qilishning bir nechta variantini parallel ravishda ko‘rib chiqadi.
Foydalanuvchilar hisoblash darajasini tanlay oladi
Shu bilan birga, Google foydalanuvchilarga har bir model uchun hisoblash resurslari sarfining uch darajasidan — past, o‘rta yoki yuqori birini tanlash imkonini berishni rejalashtirmoqda.
Daraja qanchalik yuqori bo‘lsa, natija shunchalik batafsil bo‘ladi. Biroq bunda foydalanuvchining mavjud kvotasi ham ko‘proq sarflanadi.
Shunga o‘xshash sozlamalar Google’ning raqobatchilari — Anthropic kompaniyasining Claude va OpenAI kompaniyasining ChatGPT xizmatlarida ham mavjud.
Xabaringiz bor, o‘tgan hafta Google Gemini 4 Argon modelini taqdim etgani haqida xabar berilgandi. Hozircha yangi avlod Gemini’ga kirish imkoniyati faqat tanlangan ekspertlar, kiberxavfsizlik sohasidagi tashkilotlar va AQSh ma’muriyatiga berilgan.
Google’ning ta’kidlashicha, bunday cheklov modelning kiberxavfsizlik sohasidagi kuchli imkoniyatlari bilan bog‘liq.
