“Bolalarimizni paxta dalasidan maktab partasiga, oʻqituvchilarni ta’lim jarayoniga qaytardik” — Shavkat Mirziyoyev

“Bolalarimizni paxta dalasidan maktab partasiga, oʻqituvchilarni ta’lim jarayoniga qaytardik” — Shavkat Mirziyoyev

Prezident Shavkat Mirziyoyev oʻqituvchi va murabbiylar bilan uchrashuvda ta’limni rivojlantirish Yangi O‘zbekistonni barpo etishning eng muhim bo‘g‘ini ekanligini ta’kidladi.

 

Ayni damda Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida “Yangi O‘zbekiston” universitetida ustoz va murabbiylar bilan uchrashuv o‘tkazmoqda.

 

O‘n yilda 1 million 800 ming o‘rinli bog‘chalar va 1,5 million o‘rinli maktablar barpo etildi, 10 mingdan ziyod bog‘cha va maktab zamonaviy ko‘rinishga keltirilgan.

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev oʻqituvchi va murabbiylar bilan uchrashuvda maktab yillarini eslab, oʻsha davrda oʻquvchilar har yili 4–5 oylab paxta yigʻimiga jalb qilinganini aytdi.

 

Men 11 yillik maktab attestatini olganman. Lekin 11 yil toʻliq oʻqimaganman. Maktabga borganman, ammo har yili 4–5 oy paxtada boʻlganman, — dedi Prezident.

 

Davlat rahbari ta’limda binolar va sharoit bilan birga, eng avvalo, mazmun hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

 

Biz bolalarimizni paxta dalasidan maktab partasiga, o‘qituvchilarni ta’lim jarayoniga qaytardik, – dedi u islohotlarning eng katta natijasi haqida to‘xtalib.

 

Har bir bola o‘qishi, izlanishi, kamol topishi va katta orzular bilan yashashi kerak. Bu orzular ro‘yobga chiqishi uchun esa eng yaxshi darsliklar, kuchli va malakali o‘qituvchilar zarur.

 

Biz bugun bolaga nimani bersak, ertaga uning natijasini mamlakat kelajagida ko‘ramiz, – dedi Prezident.

 

Avvalroq, uchrashuv davomida har yili tuman va shaharlardagi lider oʻqituvchilarga 30 mln soʻm pul mukofoti berilishi haqida xabar berilgandi.